50 ga yaqin mamlakat Xitoyda koronavirusga qarshi ishlangan 3 vaksinadan birini sotib oldi yoki buyurtma berdi. Serbiya shulardan biridir.
Kasallik Belgraddagi tungi klub egasi Dushko Miloyevichning ikki yaqin do’stini hayotdan olib ketdi. Biri oilali edi, ikki farzandi otasiz qoldi.
"Ancha sog’lom edi u”, - deydi Miloyevich.
Serbiya hukumati emlash dasturini e’lon qilganida, Dushko ikkilanmasdan Xitoyning “Sinofarm” vaksinasini qabul qildi.
"Qayerda ishlangan bo’lsa ham, tasdiqdan o’tgan bo’lsa bo’ldi”, - deydi u.
Serbiya hukumati Rossiya va Xitoy kabi mamlakatlardan 2,6 million dozadan ko’p vaksina sotib oldi.
"Bu bilan minglab insonlar hayotini saqlab qolamiz. Xitoy hukumatiga minnatdorchiligimni bildirmoqchiman”, - dedi Serbiya Bosh vazirasi Ana Brnabich.
Lotin Amerikasi, Afrika va Osiyoda ham davlatlar Xitoy vaksinalarini xarid qilmoqda.
"Vaksina diplomatiyasiga guvoh bo’lyapmiz. Bu borada Xitoy yetakchi o’rinda. Vaksinalarni ishlab chiqarib, past va o’rta daromadli mamlakatlarga yubormoqda”, - deydi Shimoliy Karolinadagi Dyuk universiteti mutaxassisi Krishna Udayakumar.
Universitet qoshidagi Global salomatlik innovatsiya markazi ekspertiga ko’ra, Xitoy “yumshoq kuch”dan unumli foydalanmoqda.
"2-3 yildan so’ng diplomatik qarorlar qabul qilayotganda og’ir kunlaringizda sizga kim yordam berganini eslaysiz albatta”, - deydi Udayakumar.
Kommunistik partiya vaksina siyosati ortida g’araz maqsadlar borligini inkor etadi.
"Barcha mamlakatlar hamkorlikda vaksina millatchiligiga qarshi kurashishi, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlar orasida xolis va oqilona vaksina taqsimotini targ’ib qilishi kerak deb hisoblaymiz”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xua Chunyin.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti va hamkorlar tashabbusi bilan tashkil etilgan “KOVAKS” dasturi COVIDga qarshi vaksinani teng taqsimlash vazifasini maqsad qiladi.
170 dan ortiq mamlakat, jumladan Qo’shma Shtatlar dunyo bo’ylab 2 milliarddan ortiq dozani taqsimlash ishida qatnashmoqda. Hozirda dastur doirasida Gana, Kot-D’Ivuar, Hindistonga vaksina ulashilmoqda.
Facebook Forum