Xitoy ta’lim vaziri g’arbcha “zararli mafkura va qadriyatlari”ning tarqalishiga qarshi chiqish kerak, deb maktablarda ayrim kitob va o’quv materiallarini man qilishga da’vat etmoqda. Ammo bunday fikr internetda jiddiy qarshilikka uchradi. Bu esa Xitoyda Kommunistik partiya rahbarlari va mamlakat yoshlari o’rtasida jiddiy mafkuraviy farq borligidan dalolat.
Ta’lim vazirining G’arb qadriyatlari salbiy ta’siriga qarshi chiqib gapirishi Xitoy uchun odatiy holga aylangan. Gonkonglik siyosiy tahlilchi Villi Lamning aytishicha, o’quv dasturlari ustidan nazorat o’rnatish 2013-yilda To’qqizinchi hujjatning qabul qilinishi bilan boshlangan. Unga ko’ra, o’qituvchilarga matbuot erkinligi, fuqarolik jamiyati, sud tizimi mustaqilligi va shunga o’xshash mavzularda mulohaza yuritish man etiladi.
“Rahbarlar Xitoyda inqilob bo’lishidan qo’rqadi. Bu birinchi navbatda G’arb siyosiy qadriyatlarining mamlakatga kirib kelishini anglatadi. Bu holda ziyolilar va yosh o’quvchi va talabalar kommunist rejimga qarshi chiqishi mumkin”, - deydi ekspert.
Xitoy Ta’lim vaziri Yuan Guyren bu safar maktablarda partiya rahbarlarini tanqid qiluvchi kitob va o’quv materiallarini taqiqlash haqida gapirganida internetda bunga qarshilik bildirildi.
Biroq internetni senzura qilib turadigan davlat idoralari veb sahifalarni tozalab, ularybyu o’rniga hukumat siyosatini ma’qullovchi maqolalar chop etildi.
Lamning aytishicha, Gonkongdagi talabalar namoyishi butun jamiyatga ta’sir qildi.
“Inqilob sifatida ko’rilgan Gonkongdagi hodisalar Kommunistik partiya rahbarlarini maktablar va, albatta, internet ustidan nazoratni kuchaytirishga majbur qildi”, - deydi Lam.
Xitoylik tarixchi Jan Lifan fikricha, internetda bildirilgan norozilik oqibatida partiya ideallari va real vaziyat o’rtasida tafovutning borligi, xususan ijtimoiy muammolarning talay ekani ayon bo’ldi.
“Partiya bunday holatda nima qilishni bilmaydi. Hamon an’anaviy yo’lni tanlaydi, ya’ni aholi orasida tushuntirish ishlari olib boriladi va xato deb hisoblangan qadamlar tuzatiladi. Ammo bunday yondashuv eskirgan”, - deydi tarixchi.
O’tgan hafta boshida Kommunistik partiya jurnalida Ta’lim vaziri Yuan Guyren bir maqola chop etdi. Unda boshqa davlatlar Xitoy taraqqiyotini o’zi uchun tahdid deb ko’radi, deya fikr bildirilgan va aholi orasida nizolar keltirib chiqarish uchun talabalar va o’qituvchilar orasida “zararli” fikrlar tarqatilayotgani aytilgan.
Internet esa hukmron partiya oldidagi eng katta xavf, deb yozadi ta’lim vaziri. Uning fikricha, ko’p mafkuraviy muammmolar aynan global tarmoqdan kelib chiqmoqda.
“Rahbarlarimiz uchun eng katta tahdid yoshlarimiz xayrixohligini yo’qotish. Kelajagimiz porloq bo’lsin desak, yoshlarni o’z tarafimizga og’diraylik”, deyiladi maqolada.
Ammo tarixchi Jan Lifanning aytishicha, partiyaning ko’p rahbarlari internet davrida ulg’ayayotgan yoshlarni tushunmaydi.
“Davlat televideniyesini ko’rib katta bo’lgan keksa xitoyliklarning miyasi yaxshigina “yuvilgan”. Ammo yoshlar boshqacha fikrlaydi, erkinroq, o’zini ko’proq o’ylaydi. Partiya rahbarlari an’analarni saqlab qolishga harakat qilsa-da, yoshlar u an’analarni buzishda davom etaveradi. Aql o’rgatishlarini istamaydi,” - deydi tarixchi.