Dunyoda koronavirusdan o’lganlar soni 2000 dan oshib ketdi. Olti kasaldan tashqari barchasi Xitoyda. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, Xitoy hukumati epidemiyani nazoratga olishga muvaffaq bo’lgan.
Tashkilotning favqulodda tibbiy dasturlar bo’yicha rahbari Maykl Rayanning Jenevadagi matbuot brifingida aytishicha, Xitoy virusga chalingan odamlarga zarur tibbiy yordam ko’rsatayotgani tahsinga loyiq.
“Xubey va Uxanda olingan saboqlar hozir boshqa joylarda qo’llanmoqda, odamlar ancha erta tibbiy yordam olyapti”, - dedi u.
Tashkilotning bildirishicha, qattiq karantin choralari hamda odamlarning harakatlanishini cheklash orqali epidemiyaning global tarqalishiga yo’l qo’yilmadi.
“Sayohatga qo’yilgan cheklovlar virus tarqalishini sekinlashtirdi – Xitoyning o’zida 2-3 kunga, xorijda esa bir necha haftaga”, - dedi Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining global yuqumli xavfga tayyorgarlik bo’limi rahbari Silvi Brayand.
Biroq Xitoyning bunday keskin cheklovlarni joriy etish salohiyatiga hamma mamlakatlar ham ega emas, deydi mutaxassislar.
“Bunday cheklovlar ba’zilarga yoqmasligi, ularning harakatlanish erkinligini cheklashi mumkin, biroq gap nafaqat Xitoy sog’liqni saqlash tizimiga, balki butun dunyodagi odamlar salomatligiga xavf haqida ketmoqda”, - deydi Maykl Rayan.
Florida xalqaro universiteti professori Aylin Martining aytishicha, shaxsiy huquqlar yo’q mamlakatlardagina bunday siyosatni amalga oshirish mumkin.
“Xitoydagi avtoritar hukumat aholisini erkin jamiyatlardan ko’ra ancha samaraliroq nazorat qilishi mumkin. Bu menga shaxsan yoqmasa-da, bu epidemiya paytida bunday yondashuv uning tarqalishini sekinlashtiradi. Agar Xitoy hozirgi siyosatini qo’llamaganida edi, virusning naqadar yuqumli ekanini hisobga olganda biz hozir global epidemiya bilan yuzlashgan bo’lardik”, - deydi olima.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti va boshqa ekspertlar koronavirus tarqalishining oldini olishda va uni davolashda epidemiyadan zarar ko’rayotgan mamlakatlar ma’lumot almashinib turishi kerak, deydi.
Facebook Forum