Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi 2016-yilgi prezidentlik saylovi uchun poygaga rasman qo'shilib, respublikachilardan 14-nomzod bo'ldi. Saralash jarayoni keskin kechishi kutilyapti.
Kris Kristi prezidentlik uchun nomzodini Livingston shahridagi o'zi o'qigan maktabda, oila a'zolari va do'stlari davrasida e'lon qildi.
"Barchangizning oldingizda bunday sahnaga chiqar ekanamn, faqat bir narsani bilishingizni xohlayman. Men aytganini bajaradigan yoki qiladigan ishini aytadigan odamman. Amerikaga hozir shu narsa kerak", - deydi u.
Kristi byudjetni qisqartiishni, xorijdagi muammolarni qat'iyat bilan hal qilishni va demokratlar bilan murosaga kirishishni targ'ib etmoqda.
"Dunyo uchun kerakli va foydali bo'lgan bir kuch bor. Bu dunyoni ortidan ergashtiradigan, nima bo'lishidan qat'i nazar, doim do'stlari yonida turadigan va dushmanlariga haddini eslatib turadigan hamda buni kuch bilan ijroga kiritadigan qudratli Amerikadir", - deydi respublikachi nomzod.
Kristi munozaralarda keskin qarashlari bilan tanilgan.
"Quloq sol, keyinroq muloqot o'tkazishni xohlaysanmi? Bunga mamnuniyat bilan roziman. Lekin ungacha joyingga o'tir va og'zingni yop", - degan edi u bahsli chiqishlaridan birida.
So'nggi paytlarda Kristining o'z shtatidagi obro'siga ancha putur yetdi. Florida gubernatori Jeb Bush kabi respublikachilar orasidan uning yutib chiqishi oson bo'lmaydi.
"Ishni amalda qilib ko'rsatgan, qanday boshqarishni va odamlarni birlashtirib, rejalarni qanday amalga oshirishni biladigan odamni saylashimiz kerak", - deydi Jeb Bush.
Kristi biznes ahlidan chiqqan Donald Tramp kabi nomzodlar bilan ham bellashishi kerak.
Tramp meksikalik muhojirlar haqida jiddiy ayblovlarni olg'a surgach, "NBC" telekanali bilan aloqasi uzildi.
"Ular narkotiklarni, jinoyatchilikni olib keladi. Ayollarni zo'rlashadi. Orasida yaxshilari ham bor", - degan edi Tramp muhojirlar haqida.
Ommaviy so'rovlarda Kris Kristi orqada. Ammo saylov kampaniyasi endi boshlanyapti, deydi Karlin Boumen.
"Hozir yetakchilardan bir nechtasini sanash mumkin. Jeb Bush birinchi, lekin bir necha gubernatorlar va senator ikkinchi qatordagi asosiy da'vogarlardan. Ammo maydonda kurash endi boshlanyapti. Shunday ekan, yanada ko'proq nomzodlarni ko'ramiz hali", - deydi tahlilchi.
Nomzodlar qatoriga tez kunda yana ikki kishi qo'shilishi kutilyapti: Viskonsin gubernatori Skot Volker va Ogayo gubernatori Jon Kasich.