Breaking News

Janubiy Koreya sudi sobiq prezidentni 8 oyga qamashni buyurdi


Janubiy Koreyaning Kvanchju tuman sudi mamlakat sobiq prezidenti Chon Du Xvanni 2017-yilda chop etilgan xotiralarida 1980-yillarda Xvan hukumatiga qarshi namoyishlarda qatnashgan faol Cho Bi Oni haqorat qilganlikda ayblab, sakkiz oyga qamashga hukm chiqardi. Chon hozir 89 yoshda. Hukm ijrosi ikki yildan keyin kuchga kiradi.

Hokimiyatga davlat to’ntarishi natijasida kelgan general Chon Du Xvan Kvanchju shahridagi namoyishlarni bostirishni buyurgan. O’shanda qancha odam o’lgani haligacha ma’lum emas. Rasmiy manbalarga ko’ra 207, namoyish ishtirokchilariga ko’ra esa 2000 odam o’lgan.

Janubiy Koreyani 8 yil boshqargan Chon Du Xvan 1996-yilda yana bir sobiq davlat rahbari Ro De U bilan birga sudlanib, korrupsiya va poraxo’rlikda hamda hokimiyatni tortib olish maqsadida xoinlikda aybdor topilgan, o’lim jazosiga mahkum etilgan. 1998-yilda prezidentlikka kelgan Kim Dey Jun o’lim jazosini avval umrbod qamoq jazosiga almashtiradi, so’ng Chon Du Xvanni butunlay avf etadi.

Chon o’z xotiralarida 2016-yilda vafot etgan katolik ruhoniy va faol Cho Bi Oni suddagi ko’rsatmasida harbiylarni namoyishchilarga vertolyotdan o’q uzganlikda ayblagani uchun “shayton” va “yolg’onchi” deb ataydi. Choning jiyani tuhmat haqidagi qonun doirasida sobiq rahbarni sudga bergan.

Mahkama qarorida aytilishicha, namoyishchilarning vertolyotdan o’qqa tutilgani haqidagi xabarlar haqiqatga yaqinroq.

Janubiy Koreyani 2008-2013-yillarda boshqargan yana bir arbob, 78 yashar Li Myan Bak ham korrupsiyada ayblanib, 2018-yilda 15 yilga qamalgan. Joriy yil fevralida apellyatsiya sudi hukmni 17 yilga o'zgartirdi. O'tgan oy Oliy sud hukmni tasdiqladi.

Mamlakatning ilk ayol prezidenti Pak Gven Xe ham qamoqda. 2013-yilda saylanib, 2017-yilda impichment orqali lavozimidan olingan arbob korrupsiyada va saylov jarayoniga noqonuniy aralashganlikda aybdor topilib, 25 yillik qamoq muddatini o'tamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG