AQSh Konstitutsiyasiga qo'shilgan birinchi o'zgartirish barchaga vijdon erkinligi huquqini kafolatlagan. Masjid bo'ladimi yoki cherkovmi, barcha o'z ibodatxonasiga ega bo'lishga haqli. Sirakyuz shahridagi cherkov bugun musulmonlar uchun masjidga aylangan.
Sirakyuz shahridagi osmono'par qizil g'ishtin bino bugun musulmonlar ibodatxonasi. Bino tomidagi xochlar hilol bilan almashtirilgan.
U bugun Iso ibn Maryam masjidi deb ataladi. To'rt yil oldin Muqaddas Uchlik cherkovi edi.
Ichkariga kirishingiz bilan devorga yozilgan Qur'on oyatlariga ko'zingiz tushadi: "Alloh barchani kechiradi, qanday gunoh sodir etganidan qat'i nazar".
"Bu devorlar yuz yildan beri Qur'on eshitishni kutib yotgan edi, deyman doim. Boshidan shu narsani his qilganman", - deydi masjid rasmiylaridan biri Yusuf Soul.
Yusuf ushbu cherkovni masjidga aylantirish jarayoniga boshidan guvoh. Cherkov ichida azon yangrashini qabul qilish ayrimlar uchun oson bo'lmadi, deydi u.
"Ba'zi odamlar qattiq g'azablandi. Men hech qachon ko'rmagan odamlar shaxsan mendan xafa bo'lishdi. Amerikalik bo'lganim uchun meni oldinga qo'yishdi", - deydi u.
20-asr boshida qurilgan Muqaddas Uchlik cherkovi o'sib borayotgan nemis va italyan muhojirlariga xizmat qildi. Ko'pchilik shu yerda cho'qintirilgan, turmush qurgan yoki dafn etilgan.
Ammo demografik o'zgarishlar cherkovni huvillatib qo'ydi. Shaharda muhojirlar ko'paydi, aksariyati musulmonlar.
"Turli guruhlarga bag'rimizni ochdik. Vaqt o'tishi bilan ular bu joyni masjid qilish g'oyasiga ko'nikishdi", - deydi Yusuf Soul.
2010-yil cherkovni yopishga qaror qilindi va bino sotuvga qo'yildi. Uni barga aylantirish uchun uch baravar ko'p haq to'lashga rozilar chiqdi, ammo bu yerda Xudoga ibodat qilish davom etsin, deb uni musulmonlarga sotishdi.
Shundan so'ng uni qayta ta'mirlash ishlari boshlandi. Kursilar olib tashlandi. Yog'ochlar pol uchun ishlatildi. Devordagi minglab xochlar qayta dizayn qilindi yoki ustidan bo'yoq tortildi. Nayzali tomlardan tushirilgan xochlar bino tarixidan yodgorlik sifatida saqlab qolindi.
Masjidning o'ziga xos jihatlari bor. Masalan, ayollar uchun alohida xona yoki to'siq qilinmagan. Imom yoki muazzin uchun ham bir odam tayinlanmagan. Bu masjid barcha uchun ochiq va namozga istalgan odam imomlik qilishi yoki azon chaqirishi mumkin.
Hatto 14 yoshli afg'onistonlik Sajad Samir ham.
"Mashq qilib yurardim. Masjiddagi odamlar mendan azon aytishimni so'rashdi. Bir necha kun oldin azon aytishni boshladim", - deydi u.
Jamoat orasida turli davlatlardan kelgan qochoqlar ham bor.
Masjiddan naf ko'rayotgan faqat musulmonlar emas.
"Ular butun mahallaga xizmat ko'rsatishadi. Oshxonalari barcha uchun ochiq. Turli yig'inlar yoki yozgi tadbirlar uchun ham. Ajoyib qo'shnilar, butun jamiyatga xizmat qilishni xohlashadi, faqat musulmonlarga emas", - deydi shu yerda yashovchi fuqarolardan biri.
Yusuf Soul odamlarni matbuotda aytilayotgan har qanday gapga ishonmaslikka chaqiradi. Chunki, deydi u, Amerikada turli xalq va madaniyat vakillariga bag'rini ochadigan mehribon odamlar ko'p.
Facebook Forum