Terrorizmga qarshi kurash yo’lida AQSh razvedkachilari qiynoq qo’llaganiga ortiq shubha yo’q. Senatning Razvedka qo’mitasi besh yillik tekshiruvini yakunlab, xulosalarini ommaga taqdim etdi. Hisobotni olqishlayotgan respublikachi senator Jon Makkeynning aytishicha, qiyin bo’lsa-da haqiqatni tan olish kerak.
2002-2009 yillar orasida AQSh Markaziy razvedka agentligi Afg’oniston, Polsha, Ruminiya, Kuba va boshqa ko’plab mamlakatlarda yashirin qamoqxonalarni yuritgan va terrorizmda gumon qilingan shaxslarni vahshiyona so’roq qilgan.
Senator Jon Makkeyn Kongress minbaridan turib bu haqda jo’shib gapirdi.
“Amerikaliklar ular nomidan nima ishlar qilinganini bilishga to’la haqli. Bu ishlar Amerika manfaatlari uchun xizmat qilganmi yoki yo’q? Biz ulug’lagan qadriyatlar oyoq osti bo’lganmi? Bular haqida oshkora gapirishimiz shart”, - deydi u.
Razvedka qo’mitasi taqdim etgan tahlilda mahbuslardan ma’lumot olish uchun qo’llangan usullar batafsil yoritilgan. Uyqudan ayirish, suvga bo’ktirish, muzli suvga qo’yish, noqulay pozalarda bog’lab qo’yish va hokazo.
“Qiynoq qo’llab, bizni dushmandan ajratib turadigan tamoyillarga xiyonat qildik. Barcha insonlar, hatto qo’lga tushgan dushman ham, fundamental huquqlarga ega degan konvensiyalarga qo’l qo’yganmiz axir. Bunday hujjatlarni o’zimiz olg’a surganmiz”, - deydi Makkeyn.
Prezidentning ashaddiy tanqidchilaridan biri bo’lmish Makkeyn Vyetnamda xizmat qilgan va asirda qiynoqqa solingan. U razvedka faoliyatini qoralab chiqqan oz sonli respublikachilardan.
“Dushmanni yengish uchun albatta razvedka ma’lumotlari zarur. Lekin mahbuslarni qiynash orqali ulardan ishonchli ma’lumot olamiz deb o’ylash katta xato”.
Jon Makkeyn harbiy-dengiz kuchlarida uchuvchi bo’lgan. Vyetnamda 5,5 yil asirlikda saqlangan. Qiynoqlar ostida u kommunistik propaganda bitilgan hujjatlarga qo’l qo’ygan. Ruhiy va jismoniy jarohatlar bilan vatanga qaytgan.
Respublikachilarning aksariyati, jumladan Jorj Bush davrida yuqori lavozimlarda ishlagan rasmiylarga ko’ra, o’sha davrda qo’llangan metodlar xurujlarni bartaraf etish uchun zarur edi.
"Hukumat, Kongress, xalq… har tomonlama bosim ostida edik. Yana xurujlar bo’ladimi, degan savolga javob topish kerak edi. Shunday ma’lumotlar bo’lgan qo’limizda”, - deydi Markaziy razvedka agentligi sobiq rasmiylaridan biri Charlz Allen.
Respublikachi senator Saksbi Chamblis hisobotni ommaga taqdim etish taklifiga avvaliga qarshi edi, biroq keyinchalik “ha” deb ovoz bergan.
“Qo’pol so’roq qilish orqali olingan ma’lumotlar Amerika xavfsizligi uchun, jumladan Bin Ladenni topish uchun foydali bo’lganmi, yo’qmi, jamoatchilik hujjat bilan tanishib o’zi xulosa chiqarsin”, - deydi qonunchi.
2009-yilda qiynoqlarni man etish to’g’risida qaror imzolagan prezident Barak Obama xalqaro maydonida AQShga qarshi kayfiyat kuchayadi degan ogohlantirishlarga qaramasdan, hisobotni chop etish tashabbusini qo’llab chiqdi.