Breaking News

Yoshlar siyosatchilarni iqlim o'zgarishiga qarshi chora ko'rishga chaqirmoqda


16 yoshli shvetsiyalik faol Greta Tunberg Nyu-York shahridagi namoyishda, 2019-yil, 20-sentabr.
16 yoshli shvetsiyalik faol Greta Tunberg Nyu-York shahridagi namoyishda, 2019-yil, 20-sentabr.

Ashaddiy atrof-muhit muhofazachisiga aylangan shvetsiyalik 16 yashar faol Greta Tunberg Birlashgan Millatlar Tashkilotida o’tgan iqlim anjumanida davlat rahbarlarini iqlim o’zgarishi bobida harakatsizlikda aybladi. Uning aytishicha, global iliqlashish natijasida dunyo bo’ylab odamlar azob chekmoqda va nobud bo’lmoqda, rahbarlar esa quruq gapdan nariga o’tgani yo’q.

“Biz ommaviy qirg’in yoqasida turibmiz, sizlar esa faqat pul haqida gapirasizlar”, - dedi Tunberg.

Faol o’smir o’z maktabida juma kungi darslarni qoldirib, parlament oldida iqlim o’zgarishi uchun yolg’iz namoyish qilgani va boshqa yoshlarni ham shu tariqa ruhlantirgani bilan tanilgan.

Tunbergning aytishicha, olimlar so’nggi 30 yildan beri iqlim o’zgarishi haqida bong urib keladi, siyosatchilar esa qo’l qovushtirib o’tiribdi.

“Ishonchimizni oqlay olmayapsiz. Yoshlar bergan va’dalaringizga xiyonat qilganingizni anglab yetmoqda. Kelajak avlodlarning nihogi sizda. Ishonchimizni oqlay olmasangiz, biz sizni aslo kechirmaymiz”, - dedi u.

Tunberg BMT Bosh Assambleyasida o'tgan tadbirda 60 dan ortiq prezident va bosh vazirlarga murojaat qildi.

“Bizning avlodimiz sayyoramizni muhofaza qilishda majburiyatlarini bajara olmadi”, - dedi BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish.

Guterrish qazilma yoqilg’idan foydalanishga hamda yangi ko’mir zavodlari qurilishiga chek qo’yishga chaqirdi.

“Kelajagimizni zaharlayotgan ko’mir zavodlarini qurish farosatdanmi? Millionlab odamlarni ifloslangan havo bilan o’ldirishga yetaklovchi sanoatni rag’batlantirish farosatdanmi?” - deb so’radi BMT rahbari.

Uning aytishicha, yoqilg’i qazishga subsidiyalarni to’xtatib, insonlar maoshiga soliq solgandan ko’ra uglerodlar chiqindisiga sabab bo’layotgan sanoatlarga soliq solish vaqti keldi.

Guterrish yillik anjuman ishtirokchilaridan sammitda iqlim o’zgarishiga doir chiroyli ma’ruzalar emas, konkret rejalar bilan qatnashishni so’radi.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi mamlakatda 2022-yilgacha 175 gigavattgacha yangilanuvchi energiya ishlab chiqarilishi haqida gapirdi.

Germaniya kansleri Angela Merkel esa 2030-yilgacha uglerodlar chiqindisini 1990-yilgi ko’rsatkichga nisbatan 55 foizga tushirishga so’z berdi.

“2030-yilga borib Germaniyada ishlab chiqarilayotgan energiyaning uchdan ikki qismini toza quvvat bo’lishini xohlaymiz. 2022-yilda oxirgi atom elektrostansiyalarimizni ishdan chiqaramiz, 2038-yilda esa ko’mirdan butunlay voz kechamiz”, - dedi Merkel.

23-sentabr kuni Nyu-Yorkda o’tgan iqlim o’zgarishi sammitida AQSh Prezidenti Donald Trampning ishtiroki yoki ma'ruzasi kutilmagan edi, biroq Tramp AQSh delegatsiyasi o'tirgan joyda bir necha daqiqaga ko'ringan.

2015-yilda Parijda imzolangan xalqaro iqlim bitimidan AQShni chiqarishga qaror qilgan Tramp shu kuni diniy erkinlikka bag’ishlangan boshqa bir tadbirga mezbonlik qildi.

BMTning iqlim anjumanidan oldin chop etgan hisobotida aytilishicha, atmosferaning zararli gazlar bilan zaharlanishi kuchaymoqda, dengiz sathi ko’tarilmoqda, global harorat oshmoqda va muzliklar qisqarmoqda.

AQSh poytaxti Vashingtonda atrof-muhit muhofazachilari va faollar yirik namoyish o’tkazib, shahardagi muhim chorrahalarni to’sishga va shu bilan siyosatchilar diqqatini iqlim o’zgarishiga qaratishga harakat qildi.

Namoyish tashkilotchilari odamlarni ish va o’qishini bir kunga tashlab, dunyoning boshqa shaharlarida namoyish qilayotgan yoshlar kabi ularni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Natijada Vashingtonda transport qatnovi qiyinlashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG