O'tgan kunlar ichida mazasi bo'lmagan demokrat nomzod hozirga kelib ancha tuzalganini aytmoqda. Hillari Klinton ayni damda Nyu-York shtatidagi uyida.
"Kasal bo'lmaydigan odam yo'q. Uyda o'tirishni yoqtirmayman. Tezroq tuzalib, oldingizga boraman",- deya yozdi Klinton "Twitter" sahifasida.
O'tgan hafta Klinton pnevmoniya kasalligiga chalingan.
2001-yilning 11-sentabrida yuz bergan terror xurujlari xotirlanar ekan, Klinton marosimlarda qatnashishga harakat qildi. Lekin uzoq o'tira olmay, uyiga qaytdi.
Klintonning bu hafta Kaliforniya shtatidagi saylovchilar bilan uchrashuvlari bekor qilingan.
Demokrat nomzod bilan yuzma-yuz debatga tayyorlanayotgan respublikachi Donald Tramp raqibiga salomatlik tiladi. Debat 26-sentabrga rejalangan.
Klintonning saylov kampaniyasi nomzodning sog'lig'i haqida vaqtida ma'lumot bermaganidan afsusda. Chunki mavhumlik mish-mishlarga, uydirmalarga yetaklaydi, deya tan oladi nomzodning yordamchilari.
Tramp Shimoliy Karolina shtatida saylovchilar oldida so'zlar ekan, Klintonni o'rta sinfni pisand qilmay, faqat boylar manfaatini ko'zlashda aybladi.
Klinton 68 yoshda, Tramp esa 70. Shu paytgacha Oq uy uchun kurashganlar ichida eng keksalari.
Ayrim siyosatshunoslar har ikkisini tibbiy ma'lumotnomasini jamoatchilikka ko'rsatishga undamoqda.
Tramp bu ishni yaqin kunlarda qilishini aytmoqda. Uning fikricha, Klinton prezidentlikni eplaydigan holatda emas.
Klinton deydiki, Tramp o'zining sog'lig'i haqida qayg'urishi kerak va xonim o'zi uchun javob beradi.