Breaking News

Klinton-Sanders kurashi davom etmoqda


Demokrat nomzod Berni Sanders
Demokrat nomzod Berni Sanders

7-iyun kuni Kaliforniya shtatida Hillari Klinton va Berni Sanders Demokratlar partiyasidan prezidentlik nomzodini qo'lga kiritish uchun kurashadi. Partiya saylovida tomonlarning g'olib bo'lish imkoniyati bir xil sanalyapti. Partiyaning yagona nomzodini aniqlashda bu saylov hal qiluvchi o'ringa ega.

Lashane Jouns ko'ngillilardan. U odamlarni Berni Sandersga ovoz berishga chaqirmoqda.

"U samimiy odam, unga ishonaman. Oilam, jiyanlarim, kelajakdagi farzandlarim uchun qayg'uryapman. U xuddi shu narsalarni himoya qilyapti", - deydi u.

Sanders boylar va o'rta qatlam orasidagi tafovut kengayib borayotganiga urg'u beradi. U kollejlarni bepul qilib, eng kam ish haqini soatiga 7,25 dollardan 15 dollarga chiqarmoqchi. Yolg'iz ona bilan o'sgan Jouns uchun bu masalalar juda muhim.

"Biz ko'p qiynaldik. O'rta maktabda ekanimda bir yilcha uysiz qoldik. Eng kam ish haqini oshirish ko'p yordam beradi" - deydi u.

Denni Sanches esa Hillari Klintonning yaxshiroq nomzod ekaniga ishonadi.

"Berni yaxshi nomzod. Lekin g'oyalari biroz radikal, haqiqatga to'g'ri kelmaydi. Eng kam ish haqini oshirish masalasini Klinton ilgari ham qo'llab-quvvatlagan. Nyu-Yorkda shunga chaqirgan va shunday qilishdi. Los-Anjelesda ham shunday. Sandersning ayrim g'oyalarini Klinton ham olg'a suryapti", - deydi u.

Kelib chiqishi meksikalik Sanches uchun immigratsiya islohoti muhim. Uning ota-onasi AQShga muhojir bo'lib kelgan.

"Dastlab noqonuniy kelishgandi. Keyin ular bu yerda o'qishdi, fuqaro bo'lishdi. Shundan beri ovoz berishadi. Har bir amerikalik kabi soliqlarini to'lashadi. Shuning uchun har bir odam Amerika orzusiga erisha olishi kerak", - deydi yigit.

Sanchesga ko'ra, Klinton o'z va'dalarining ustidan chiqadigan nomzod.

Agar Klinton nomzodlikni qo'lga kiritsa, Sanders tarafdorlariga nima bo'ladi?

"Yo Berni yoki hech kim", - deydi Jouns.

Tahlilchilar fikricha, partiya saylovlari paytida ashaddiy tarafdorlarning raqib tomonga ovoz berishni istamasligi holatlari uchrab turadi. Ammo prezidentlik saylovi paytiga kelib, ular fikrlarini o'zgartirishi mumkin, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG