Prezident Donald Tramp Federal qidiruv byurosi direktori Jeyms Komini ishdan oldi. Odatda bu lavozimga 10 yilga tayinlanadigan mutasaddining ishdan ketishi ko'pchilik uchun kutilmagan hol bo’ldi.
Trampning aytishicha, Komi byuroni samarali boshqara olmadi. Adliya vaziri va Bosh prokuror Jeff Seshns va uning o’rinbosari Rod Rozenstayn bu qaror ortida turgani aytilmoqda. Ular nazarida, sobiq davlat kotibi, Trampning prezident saylovlaridagi raqibi Xillari Klintonning elektron maktublari bilan bog’liq tergov yaxshi olib borilmagan, to’xtab qolgan.
Biroq demokratlarning Senatdagi sardori Chak Shumerning fikricha, Komining ishdan olinishi Trampning Rossiya bilan aloqalariga doir FBR tergovi bilan bog’liq.
"Vakillar palatasi Tramp shtabining Rossiya bilan aloqalarini tergov qilmoqda, Senatda ham o’xshash tergov ketyapti, FBR Tramp odamlarining Rossiya bilan til biriktirganini tekshirmoqda. Bu juda ham jiddiy jinoyat. Prezident shundan xavotirga tushgan bo’lsa kerak”, - dedi Shumer.
Senator Adliya vazirligini bu da’volarni tergov qilish uchun maxsus prokurorni tayinlashga chaqirgan. Komining haydalishi ayrim respublikachi qonunchilarni ham g’azab va sarosimaga soldi.
Komi prezident qarorini Los-Anjelesda FBR xodimlari bilan uchrashuv chog’ida televizordagi yangiliklardan o’rgandi. Bir necha soatdan so’ng u zudlik bilan Vashingtonga qaytib ketdi.