Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aloqador agentliklar vakillari Isroil hukumatidan G’azoga gumanitar yordam kirishiga to’siq qo’ymaslikni iltijo qildi.
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko’rsatish bilan shug’ullanuvchi idorasining vakili Tamara Alrifayning aytishicha, hududda yoqilg’i tugab bormoqda.
“Yoqilg’isiz yuk mashinalari harakatlana olmaydi, kasalxonalarni elektr quvvati bilan ta’minlayotgan generatorlar ishlamaydi, novvoyxonalar, suvni tuzsizlantiruvchi zavod ishlamaydi”, - deydi Alrifay.
Isroil hujumlarida 15 mingdan ortiq odam jarohat olgan, G’azo kasalxonalarida joy va resurslar, dorilar yetishmayapti.
"Kasalxonamizda 17 kundan beri elektr quvvati yo’q. Generatorlardan foydalanishga majburmiz. Ular kuniga 2000 litr dizel iste’mol qiladi. Strategik zaxiralar tugab bormoqda”, - deydi Bayt-Lahiya shahridagi Indoneziya kasalxonasi direktori Atef Kahlut.
Bugun BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilgan tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish XAMAS va Isroilni gumanitar qonunga xilof harakatlarda aybladi.
"XAMAS hujumi o’z-o’zidan, besabab bo’lmaganini tan olish kerak. Falastin xalqi 56 yil davomida nafasni qisuvchi bosqinchilik bilan yuzlashib keldi, ularga tegishli yerlar yahudiylar uchun turar-joylar bilan to’layotganiga guvoh bo’lishdi, zo’ravonlikka yuz tutishdi, uy-joylaridan haydalishdi, uylari yer bilan tekislandi. Ammo Falastin xalqining noroziligi XAMASning dahshatli hujumini ham, Falastin xalqining kollektiv jazolanishini ham oqlay olmaydi”, - dedi Guterrish.
G'azoda qurbonlar soni 5800 dan oshdi
Isroil armiyasi G’azoni havodan tinmay o’qqa tutarkan, o’lgan falastinliklar soni 5800 dan oshib ketdi, 2000 dan ziyodi bolalar. Vayronalar ostida ko’p odam qolib ketgani aytilmoqda.
Dushanba kungi hujumda G’azo Sektorining Xon Yunus shahrida bir oilaga aloqador 50 dan ortiq odam o’ldirilgan. Ular nisbatan tinch hisoblangan Xon Yunusga G’azo shahridan qochib borgan edi.
"Bu axir qirg’inku! 50 dan oshiq odam o’ldirildi. Bu haqiqiy qatliom. Bir nima deyishga ojizman. Oilam, hamma qarindoshlarim o’ldi”, - deydi Ammar Batta ismli bir odam.
G’azo sog’liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko’ra, o’tgan bir kunda Isroil hujumlarida 436 odam jon bergan.
Isroil nafaqat G’azoni o’qqa tutmoqda, balki XAMAS boshqaruvida bo’lmagan G’arbiy Sohilda shahar va qishloqlarni bir-biridan to’siqlar bilan ajratib, harakatlanish erkinligini cheklab qo’ydi.
XAMAS va Isroil o’rtasida ixtilof boshlanganidan beri G’arbiy Sohilda 80 dan ortiq falastinlik o’ldirilgan, 900 dan ziyodi hibsga olingan, hududning Isroildan ko’chirilgan yahudiy aholisi bilan to’qnashuvlar kuchaygan.
Bugun Isroilga borgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashib, XAMASga qarshi xalqaro harbiy koalitsiya tuzishni taklif etdi.
U, shuningdek, Ramallohga borib, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashdi.
AQSh fuqarolarini Yaqin Sharqdan evakuatsiya qilishi mumkin
Isroil mudofaa kuchlari bosh shtabining rahbari Gersi Xalevi armiya G’azoga kirishga tayyor ekanini bildirib, siyosiy rahbariyat qarori kutilayotganini aytdi.
Isroil G’azoga qo’shin kiritgudek bo’lsa, mintaqada kattaroq mojaro avj olishidan xavotirga tushgan Qo’shma Shtatlar yuz minglab fuqarosini Yaqin Sharqdan evakuatsiya qilish haqida o’ylanmoqda. Bu haqda “Vashington Post” gazetasi yozdi.
Isroilda ikki fuqaroligi bor 600 ming, Livanda esa 86 ming amerikalik yashaydi. “Hizbulloh” harakati urushga aralashsa, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Livanga ayovsiz zarba berishini aytgan.
“Vashington Post” gazetasidagi yana bir maqola AQSh va G’arbning Yaqin Sharq va Ukraina mojarosiga munosabatini taqqoslaydi. Unga ko’ra, Rossiyaning Ukrainada tinch aholiga hujumlarini ayovsiz tanqid qilgan Qo’shma Shtatlar Yaqin Sharq mojarosiga kelganda minglab tinch fuqarolarni o’ldirayotgan, Rossiya kabi xalqaro qonunchillikni buzgan Isroil tarafini oldi. Bu esa rivojlanayotgan mamlakatlarda AQSh va G’arbga nisbatan ishonchsizlikni kuchaytirdi, Ukrainadagi mojaro bo’yicha va’zxonlikni qadrsizlantirdi, deyiladi maqolada.
XAMAS 7-oktabrda garovga olingan yana ikki ayolni ozod etdi
Bu o'rtada dushanba kuni Falastinning XAMAS harakati garovda ushlab turilgan salkam 220 kishidan ikki nafarini ozod etdi. Ulardan biri 85 yashar isroillik ayol bo’lib, Yoxeved Lifshits Xalqaro Qizil xoch qo’mitasi vakillari qo’liga topshirilishdan oldin XAMASning yuzini niqob bilan to’sgan jangchilariga birinchi bo’lib qo’l uzatib “shalom” deb xayrlashdi.
XAMAS ozod etgan ikkinchi odam ham katta yoshdagi ayol bo’lib, ular Tel-Avivdagi kasalxonaga yetkazilib, o’sha yerda uyushtirilgan matbuot anjumanida muxbirlar savollariga javob berishdi.
Lifshitsdan XAMAS jangchisiga nega qo’l uzatgani so’ralganida u garovdagilarga muomala yaxshi bo’lganini, har kuni tibbiy mutaxassis ularning sog’liqlaridan xabar olib turganini, oziq-ovqatdan muammo bo’lmaganini aytdi.
Garovdagilarni ozod etishga qaratilgan muzokaralarda Misr va Qatar rasmiylari qatnashgani aytiladi.
O’tgan juma kuni XAMAS bir amerikalik ayol va qizini ham ozod etgan.
Lifshits va uning turmush o’rtog’i ko’pdan beri tinchlik targ’iboti va inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanib kelgani, bemor falastinliklarni bir necha marta G’azodan paromda muolaja uchun Isroilga olib borgani ayon bo’ldi.
Keksa ayol 7-oktabr voqealarini yomon tushdek qabul qiladi, ko’p vatandoshlari o’ldirilganiga guvoh bo’lganini aytadi.
"Onam ko’p odam chegarada olti million dollarga o’rnatilgan panjaradan o’tganini, to’siqdan foyda bo’lmaganini, uni mototsiklga o’tqazishib, yo’lda jangarilardan biri uni tayoq bilan urganini, so’ng tunnelga kirib, bir necha kilometr yayov yurishganini aytadi”, - dedi Lifshitsning gaplarini tarjima qilgan qizi.