AQSh Kongressi Vakillar palatasida davlat tomonidan moliyalanuvchi va xorijga axborot uzatuvchi tele va radio tarmoqlar ishini isloh qilishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi.
Hujjatga ko’ra, shu kungacha ana shunday tarmoqlarni o’z ichiga olgan AQSh Teleradio boshqaruvchilari kengashi o’rnini Xalqaro aloqa agentligi egallaydi. Uning rahbariyati tarkibidagi xodimlardan biri “Amerika Ovozi”ni boshqaradi.
Qonun loyihasida “Ozodlik” radiosi, “Erkin Osiyo” radiosi va Yaqin Sharq teleradio tarmog’i Ozodlik axborot tarmog’i deb nomlangan yangi boshqarma tarkibiga kiradi.
Hujjat tanqidchilari nazarida bu “Amerika Ovozi”ga dunyoda bo’lgan ishonchning keskin pasayishiga olib keladi. Choraga qarshilar orasida “Amerika Ovozi”ning amaldagi va sobiq jurnalistlari ham bor.
Biroq qonun loyihasi muallifi, Vakillar palatasining Tashqi aloqalar bo’yicha qo’mitasi raisi Ed Roysning aytishicha, chora Rossiya va Xitoy kabi davlatlarga qarshi axborot urushini samarali olib borish uchun zarur.
Loyiha qonunga aylanishi uchun avval Senat, so’ng prezident tasdig’idan o’tishi kerak.