Breaking News

Kongress saylovlari: Senat respublikachilar nazoratiga o'tdi


Kecha AQShda o'tgan saylov natijalariga ko'ra, muxolif respublikachilar Senatda demokratlarga tegishli 55 o'rinning kamida yettitasini qo'lga kiritib, so'nggi sakkiz yilda ilk bor yuqori palatada ko'pchilik o'rinlarni egalladi. Respublikachi nomzodlar G'arbiy Virjiniya, Arkanzas, Janubiy Dakota, Shimoliy Karolina, Montana, Ayova va Kolorado shtatlarida g'alaba qozondi.

Senatda ozchilik sardori respublikachi Mitch Makkonel Kentukki shtatidan Senatga qayta saylandi. Endi Makkonel Senatda ko'pchilik sardoriga aylanishi kutilmoqda.

Janubiy Karolinadan respublikachi senator Lindsi Grem ham qayta saylandi. Yana bir respublikachi Tim Skot senator Jim Demint o'rnini egalladi. U fuqarolar urushi davridan beri Janubiy Karolinadan Senatga saylangan birinchi qora tanli fuqarodir.

Arkanzasda respublikachi Tom Kotton keskin kechgan kurashda ikki bor senatorlik qilgan demokrat Mark Pryorni yengdi.

Vakillar palatasida respublikachilar ko'pchilik o'rinlarni saqlab qoldi. Barak Obama prezidentligining so'nggi ikki yilini respublikachilar nazoratidagi Kongress bilan o'tkazishiga to'g'ri keladi.

Kechagi saylovlarda Vakillar palatasidagi barcha 435 o'rin uchun, Senatda esa 100 o'rinning uchdan biri uchun kurash olib borildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG