AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Jamol Qoshiqchini o’ldirishni shahzoda Muhammad bin Salmon buyurgani haqidagi dalillarni ko’rmaganini aytadi.
Pompeo va Mudofaa vaziri Jim Mattis Senatda o’tgan yopiq tinglovda qonunchilar savollariga javob bergan. Senatorlar ularning javoblaridan qoniqmagan ko’rinadi.
Respublikachi senator Bob Korkerning aytishicha, qonunchilarning hech biri valiahd shahzodaning qotillikdan bexabar bo’lganiga ishonmaydi.
“Shahzoda qotillikni amalga oshirishni buyurganini tan olmayapti, ammo bu ishni uning idorasi qilgan”, - deydi Korker.
Tinglovga Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jina Xaspel ham chaqirilgan edi, biroq tadbirda ko’rinmadi.
“Razvedka idorasi rahbarining tinglovga kelmaganidan Qoshiqchining o’limi va AQSh-Saudiya aloqalariga doir muhim masalalarni qonunchilardan yashirish harakatini ko’ryapmiz. Senatda Markaziy razvedka boshqarmasi direktorini so’roqqa tutishga to’sqinlikni haqorat deb bilaman”, - dedi demokrat-senator Robert Menendez.
Pompeo Xaspel tinglovda nega bo’lmaganini izohlamadi. Unga ko’ra, shahzoda Muhammadning Qoshiqchining o’limiga aloqasi yo’q.
“Razvedka hisobotlarining barchasi bilan tanishib chiqdim. Valiahd shahzodaning qotillikka bevosita bog’lovchi dalillarni ko’rmadim”, - dedi u.
Senatorlar Markaziy razvedka boshqarmasining rahbari hisobot bermasa, muhim qonun loyihasi bo’yicha ovoz berish qoldirilishini aytdi.
Xaspel oktabr oxirida Turkiyada bo'lib, Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsullik xizmatida o'ldirilgan Qoshiqchining ishi bo'yicha materiallar bilan tanishib chiqqan. Turkiya hukumati muxbirni o'ldirish uchun buyruq qirollikning eng yuqori doiralaridan berilganini da'vo qiladi.
Facebook Forum