Breaking News

Vakillar palatasi “Obamakeyr”ni bekor qiluvchi qonun loyihasini qabul qildi


AQSh Kongressi Vakillar palatasi sobiq Prezident Barak Obama tashabbusi bilan qabul qilingan tibbiy sug’urta dasturini bekor qiluvchi qonun loyihasini ma’qullashi ketidan endi Senatda ham bu masala ko’riladi.

Dasturni so’nggi yetti yildan beri bekor qilamiz deb saylovchilariga va’da berib kelgan respublikachi kongressmenlar o’z so’zining ustidan chiqdi.

Oq uy buni o’zining yutug’i deb ko’rmoqda.

“Yangi dastur eskisidan ancha yaxshi bo’ladi”, - dedi Prezident Donald Tramp.

Biroq hujjatning Senatdan o’tishi qiyin bo’ladi, deydi kuzatuvchilar.

“Vakillar palatasida qabul qillingan loyihadan Senatda foydalanmayapmiz. Yangidan ishlaymiz. O’z loyihamiz bo’ladi”, - deydi respublikachi senator Syuzan Kollins.

“Trampning tibbiy sug’urta dasturi amalga oshmaydi, qonunga aylanmaydi. “Obamakeyr”ni saqlab qolib, uni mukammallashtiramiz”, - deydi demokrat qonunchi Chak Shumer.

Sug’urta uchun to’lov narxi ko’p shtatlarda oshar, ayrim sug’urta kompaniyalari “Obamakeyr” bilan ishlashni to’xtatar ekan, uni endi saqlab qolib bo’lmaydi, deydi har ikki palatadagi konservativ respublikachilar.

“Agar bu tibbiy sug’urtani ololmasangiz, qurbingiz yetmasa, undan nima foyda?” - deydi Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan.

Demokratlar nazarida esa “Obamakeyr”ning qanday kamchiliklari bo’lishidan qat’i nazar respublikachilar taklif etayotgan reja undan ham yomonroq bo’ladi.

“Bizniki hamma uchun, arzon va yuqori sifatli. Ularniki bunga yaqin ham turmaydi”, - deydi demokrat kongressmen Steni Xoyer.

Ayrim qonunchilar ikki partiya vakillari bu masalada hamkorlik qilishiga umid qilmoqda.

“Qo’shma guruh tuzib, muammoni hal etish kerak”, - deydi Kollins.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG