AQSh rasmiylari shu hafta qonunchilarga Eron masalasi bo’yicha hisobot berishi kutilmoqda. Har ikki partiyaning Kongressdagi vakillari Oq uydan Yaqin Sharqda harbiy salohiyatni oshirish va elchixonaning ikkinchi darajali xodimlarini evakuatsiya qilish qarori hamda Eron tahdidi yuzasidan tushuntirish talab qilgan.
Tramp ma’muriyati so’nggi kunlarda Eron va uning ittifoqchilarining reja va harakatlari yuzasidan tashvish bildirib kelmoqda.
“Agar Amerika manfaatlari hujumga uchrasa, tegishli shaklda javob beramiz”, - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.
Qonunchilar qo’shimcha ma’lumot talab qilmoqda.
“Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi qonunchilarga nimalar bo’layotganini tushuntirib berishi kerak, chunki tahdid darajasi haqida gazetada o’qiganimdan ortiq bilmayman”, - dedi respublikachi senator Lindsi Grem.
“Bizga aniqlik kerak, javoblar kerak va hoziroq”, - dedi demokrat Robert Menendes.
Prezident Donald Tramp Amerika Eron bilan urushgacha bormaydi degan umidda.
Ba’zilar 2003-yilni, Iroqqa qarshi urushdan oldingi vaziyatni eslaydi.
“Ommaviy qirg’in qurollari bahonasida uyushtirilgan ikkinchi Iroq urushi kerak emas bizga. Bu eng yomon harbiy amaliyot bo’lib, ommaviy qirg’in qurollari topilmadi”, - deydi senator Menendes.
AQShning Iroqdagi qo’shinlariga bir vaqtlar qo’mondonlik qilgan general Deyvid Petreusning aytishicha, Amerika Eron xulqini o’zgartirishga harakat qilishi kerak, hukumatini emas.
“Mamlakatni bosib olish, nazarimda, rejada yo’q. Arab bahoridan keyin tuzumlarni o’zgartirish biz kutgan natijalarga olib kelmasligini o’zlashtirib olgan bo’lishimiz kerak”, - deydi u.
Respublikachilarning aksariyati Eronning o’tmishdagi harakatlari Tramp ma’muriyatiga ishonishga asos bermoqda degan fikrda.
"Mintaqada harbiy salohiyatimizni kuchaytirish qarorini qo’llab-quvvatlayman. Bu Eronni tartibga chaqirishga qaratilgan. Agar Tehron 2004, 2005 va 2006-yillarda Iroqda bo’lgani kabi qo’shinlarimizga zarar yetkazsa, bu salohiyatni unga qarshi ishlatishimizni bilib qo’ysin”, - deydi senator Den Sullivan.
“Eron hujum qilsa, urush boshlanadi. Hujum qilmasa, urush bo’lmaydi. Juda oddiy”, - deydi senator Marko Rubio.
“Amerika xalqi vaziyatni bilishga haqli. Agar prezident va Kongressdagi respublikachilar AQShni urushga botirishni rejalayotgan bo’lsa, xalq buning sabablarini bilishga haqli”, - dedi demokrat senator Chak Shumer.
O’tgan hafta yetakchi qonunchilar bilan yopiq eshiklar ortida brifing o’tkazilgan. Kongressning qolgan a’zolariga kelayotgan kunlarda ma’lumot berilishi kutilmoqda.
Bu o'rtada Iroq hukumati AQShning “EkzonMobil” (ExxonMobil) kompaniyasining neftga boy bu mamlakatdan xodimlarini evakuatsiya qilish qarorini tanqid qilmoqda.
Rasmiylarning bildirishicha, Qo’shma Shtatlar Erondan taralayotgan tahdid sababi bilan Bag’doddagi elchixonasining ikkinchi darajali xodimlarini chiqarishi ketidan “EkzonMobil” ham salkam 60 kishidan iborat barcha xodimlarini evakuatsiya qilgan.
Iroq Neft sanoati vaziri Tamer G’adban nazarida, qaror ortida siyosiy sabablar bor, mintaqadagi ziddiyatlar bilan bog’liq bo’lishi mumkin, biroq, deydi vazir, bu ishning xavfsizlikka umuman aloqasi yo’q.
Eron va AQSh o’rtasidagi taranglik Yaqin Sharqda yangi mojaroga sabab bo’lishi mumkin. Qo’shma Shtatlar mintaqada harbiy salohiyatini oshirmoqda, Tehronni AQSh qo’shinlari va manfaatlariga tahdidda ayblab, iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytirmoqda.
ExxonMobil kompaniyasi Iroq janubidagi Basra viloyatida joylashgan neft konlarini rivojlantirish bilan shug’ullanadi.
Facebook Forum