AQSh Kongressida ikki yirik siyosiy partiya a’zolaridan iborat guruh Amerikaning jahon bo’ylab terrorga qarshi harbiy amaliyotlariga doir qoidalarini qayta ko’rib chiqmoqchi. Qonunchilarga ko’ra, terrorga qarshi urush uslubi o’zgardi va 2001-yilda qabul qilingan ushbu qoidalar majmui zamon talabiga javob bermaydi.
Yangi ma'muriyat kelishi bilan afg'on siyosati ham o'zgardi. Terrorga qarshi urush qoidalari ham o'zgarishi kerakmi?
“Afg'onistonda 16 yillik amaliyotdan so'ng Kongress bu masalani qayta ko'rib chiqishi kerak", - deydi kongressmen Uolter Jouns.
Kongressdagi guruh AQShning Afg'onistondagi amaliyotini ko'rib chiqmoqchi, xolos. Ammo so'nggi 16 yilda qoidalar majmui AQShning 14 mamlakatdagi kamida 37 ta harbiy amaliyotini oqlash uchun qo'llandi, jumladan Afg'oniston, Suriya va Iroqda.
Hujjat 2001-yil 11-sentabr xurujlaridan so'ng ishlangan. So'nggi yillarda "Islomiy davlat" jangari to'dasi va Suriyadagi urush ham yangi tahdidlar qatoridan o'rin oldi.
Harbiy kuchni ishlatishga doir bu hujjat prezidentga terror tahdidiga qarshi kuch ishlatish vakolatini beradi. Ayrim qonunchilar buni cheklamoqchi. Masalan, kongressmen ayol Barbara Li. Ammo Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan masalani ovozga qo'yishdan oldin muhokama qilishni taklif etmoqda.
“Biz xalq vakillarimiz. Masalani ovozga qo'yishga imkon berilmasa, demokratik jarayondan voz kechilgan bo'ladi", - deydi Barbara Li.
Bir tahlilchiga ko'ra, urush boshlash va tinchlikni o'rnatish yolg'iz prezident qo'lida bo'lishi kerak emas.
“Demokratik jamiyatimizning tashqi siyosatida Kongress faol rol o'ynashi kerak”, - deydi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Ketlin Xiks.
Vakillar palatasi muhokamani boshlasa ham jarayon oson bo'lmaydi.
“Kimdir oliy qo'mondon vakolatini cheklagisi keladi, kimdir esa kuchaytirgisi, kimdir terror guruhlarini nishonga olishni muhim deb biladi, kimdir esa ularning mafkurasini, kimdir cheklangan harbiy kuch qo'llashni taklif qiladi, kimdir esa buni cheklashni istamaydi”, - deydi Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi kongressmen Ed Roys.
Facebook Forum