Breaking News

Somaliga yordam qirqilmasin, deydi Kongress a'zolari


Prezident Donald Tramp Somali va unga qo'shni davlatlarga yordamni qirqmoqchi. Uning aytishicha, xalqaro muammolar yechimi uchun faqat Amerika cho'ntagiga tayanish adolatsizlikdir. Boshqa davlatlar ham pul ajratsin, deydi Tramp.

Ocharchilik hukmron bu mintaqaga ko'makni kesish vijdonsizlik bo'ladi, deya bong urmoqda Kongress a'zolari. Ular Oq uyni ahdidan qaytishga chaqirmoqda.

Somalidan minglab qochqin yashovchi Minnesota shtatidan saylangan respublikachi Tom Emmer fikricha, Tramp tashqi insonparvarlik yordami uchun ajratiladigan mablag'ning 30 foizdan ziyodini qirqishga bel bog'lagani fojiadir.

Terrorizm va qashshoqlik iskanjasidagi hududlarga yordam berish o'zini global lider deb biladigan Amerika uchun asosiy vazifa, deydi kongressmen Emmer. Somali al-Shabab terror guruhining makonidir.

Demokrat senator Eymi Klobukar
Demokrat senator Eymi Klobukar

Minnesota shtatidan demokrat senator Eymi Klobukar ham shu fikrda.

Qurg'oqchilik, jinoyatchilik, qashshoqlik va terrorizm keng tarqalgan mamlakat aholisiga madad bermaslik AQShga xos ish emas, deydi senator.

“Yurtimizda Somalidan minglab muhojir yashaydi. Ular bizning bir qismimiz. Yaqinlari vatanda azob chekayotgan bu xalqqa yordamlashmasak, vijdonsizlik bo'ladi", - deydi Klobukar.

Somali Moliya vaziri Abdurahmon Dualle Beyliy deydiki, uning mamlakati misli ko'rilmagan qurg'oqchilik bilan yuzlashmoqda. Ko'mak zarur, deydi u.

Somalida qurg'oqchilik
Somalida qurg'oqchilik

2011-yildagi qurg'oqchilikda 260 mingga yaqin somalilik nobud bo'lgan. Mamlakatning katta qismida ocharchilik hukmron.

Somali hukumati vaziyat bundan ham og'irlashishi mumkin deya ogohlantirmoqda. Uning bildirishicha, xorijiy yordam tufayli minglab aholi ocharchilikdan qutqarildi.

Kongressmen Tom Emmer, respublikachi
Kongressmen Tom Emmer, respublikachi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG