“Interpeace” xalqaro tinchlik guruhi hukumat va tashkilotlarga eng yaxshi konstitutsiyalarni yaratish bo’yicha yordam berishga bel bog’lagan. Guruh shu maqsadda yaqinda bir qo’llanma ishlab chiqdi. Kitob xalqaro tajribaga tayangan holda qonunchilarga konstitutsiya yozish borasida amaliy yordam ko’rsatishni ko’zda tutadi.
Kitob “Konstitutsiya yaratish va islohot: Jarayon uchun tanlov imkoniyatlari” deya nomlanadi. Qo’llanma mualliflarining aytishicha, konstitutsiyani tayyorlash jarayoni juda muhim, chunki u davlat va siyosiy tizimlarni qayta qurish hamda rivojlantirishda, shuningdek, doimiy tinchlikka erishishda muhim o’rin tutadi.
Kitob nizoli jamiyatlarda konstitutsiya yaratish jarayoni uchun lozim bo’lgan muhim nuqtalarga diqqat qaratadi. Mualliflar jamoasi qonunchilik va tinchlik o’rnatish sohalarida uzoq yillar xizmat qilgan va global xalqaro tashkilotlarda xizmat ko’rsatgan davlat arboblari va mutaxassislardan iborat. Ularning aytishicha, jarayon oshkora bo’lishi va mamlakat bo’ylab barcha guruhlarni qamrab olishi kerak.
Kitobni tayyorlagan Xalqaro tinchlik guruhi Jenevada joylashgan bo’lib, BMT va 300 dan ortiq tinchlikparvar tashkilotlar bilan hamkorlikda urushdan jabr ko’rgan jamiyatlarga yordam berish va bu o’lkalarda davomiy tinchlikka erishishni ta’minlash kabi faoliyatlar bilan shug’ullanadi. Tashkilot Bosh direktori Skot Veberning aytishicha, kitob barchaga bir xil yechim taklif etmasdan, konstitutsiya yaratishda davlatlarning o’ziga xos tarixiy, madaniy va siyosiy sharoitini hisobga olishni tavsiya qiladi.
“Kitobning muhimligi shundaki, u ovqat tayyorlash retsepti kabi nimadan boshlab, nima bilan tugatishni birma-bir o’rgatmaydi. Bu bir qo’llanma bo’lib, qonunchilarga turli tanlov imkoniyatlari borligini va ularning har birida afzal va salbiy jihatlar mavjudligini o’rgatadi”, deydi Veber.
Qo’llanmaning to’liq matnini tashkilot veb-sahifasidan topish mumkin. Kitob to’rt bo’limdan iborat bo’lib, konstitutsiyaning jamiyatdagi roli hamda mojaroli sharoitlarda uni yaratish bilan bog’liq muammolar alohida qismlarda bayon etilgan.
Birinchi bo’limda konstitutsiya yaratish jarayonining bir qismi bo’lgan ayrim vazifalar xususida fikr yuritiladi. Xususan, reja ijrosi muddatlarini belgilab olish, konstitutsiyaviy guruhlar tuzish, aholining savodxonligini oshirish, maslahat olish ana shunday vazifalar qatoriga kiritilgan.
Qoidalar ishlab chiqish, konstitutsiyaning dastlabki nusxasini yozish kabi vazifalarni bajaruvchi tuzilmalar haqida kitobning boshqa bo’limlarida ma’lumot beriladi.
So’nggi bo’limda fuqarolik jamiyati qurishning muhim shartlari va konstitutsiyani yaratish jarayonida ommaviy axborot vositalari va boshqa tashqi guruhlarning ishtiroki kabi masalalar tilga olinadi.
Veberning aytishicha, qo’llanma bir necha o’n yillik xalqaro tajribaga tayanib yozilgan. Uning fikricha, konstitutsiyani kim yozishi kerak, degan masala muloqot orqali va barchaning roziligini olgan holda hal etilishi kerak.
“Bu jarayonlarga yordamni tashqaridan jalb qilmagan ma’qul. Konstitutsiyani yaratish har bir davlat uchun mustaqil ishdir. Xalqaro guruhlarning ortiqcha aralashuvi jarayonga o’z ta’sirini o’tkazadi” deydi Veber.
Uning ogohlantirishicha, konstitutsiyani yaratishda shoshma-shosharlikka yo’l qo’ymaslik kerak.
“Masalan, Misrda hukumat jarayonni tezroq amalga oshirish uchun shoshayotganiga guvoh bo’lyapmiz. Natijada bunday konstitutsiyalar referendumda qabul qilinishiga qaramay, ularning haqqoniyligi ayrimlar tomonidan shubha ostiga olinadi” deydi u.
Xalqaro tajribadan o’rganilgan yana bir jihat, deydi Veber, konstitutsiyani yaratish jarayoniga, jumladan, konstitutsion guruh ishiga imkon boricha jamiyatning ko’proq tabaqalarini jalb etish kerak.
Konstitutsion guruhning asosiy vazifasi bosh qomusning ilk nusxasini yozishdan tortib uni qabul qilishgacha bo’lgan jarayonni boshqarish. Guruh a’zolarini turli usullar bilan to’plash mumkin. Ular to’g’ridan to’g’ri saylovlar orqali tanlanishi yoki hukumat kengashlari tomonidan tayinlanishi mumkin.
Xalqaro tinchlik guruhining tavsiya etishicha, konstitutsion guruh turli muxolif guruhlarni qamrab olishi kerak. Lozim bo’lsa, hukumatga qarshi qurol ko’targan kuchlar qo’mondonlari, siyosatdonlarni ham guruhga taklif etish lozim, deydi Veber.
“Bu narsa kuchlar muvozanatini, turli qarashlarni ifodalaydi. Ular agar guruhga jalb etilmasa, jarayonni izdan chiqarishga urinishlari mumkin. Konstitutsiya yaratish va tinchlik qurish yo’liga to’g’anoq bo’luvchilar bilan shunday ish tutish kerak. Ya’ni, ularni va boshqa barchani bir paytda qamrab olamiz”, deydi Xalqaro tinchlik guruhi rahbari.
Ko’p o’lkalar jarayon so’nggida aholiga referendum orqali konstitutsiyani ma’qullash yoki rad etish imkoniyatini beradi. Veberga ko’ra, ba’zan odamlar tinchlik o’rnatish va konstitutsiya yaratish jarayonlarini bir-biri bilan adashtirib yuboradi.
“Tinchlik o’rnatish uchun muhokama qilinishi lozim bo’lgan mavzular tinchlik o’rnatilgandan keyin qabul qilinishi kerak bo’lgan konstitutsiyaga oid milliy muloqot masalalaridan butunlay farq qiladi”, deydi u.
Ayrimlarga ko’ra, konstitutsiyani yaratish konfliktni tugatishda muhim rol o’ynasa, tinchlik kelishuvida tilga olinishi mumkin.
Kitobda yozilishicha, davlatlar ba’zan muvaqqat konstitutsiya qabul qilishlari ham mumkin. Har qanday holatda, avvalo, o’zaro nizolarni to’xtatish bo’yicha kelishuvga tezroq erishish kerak, deydi qo’llanma mualliflari. Ammo davomiy tinchlikni ta’minlovchi konstitutsiyani yaratish jarayoni uzoq vaqt talab etadi.
Qo’llanmada aytilishicha, qurolsizlanish, harbiylarni nazoratga olish va qochoqlar muammosini hal qilish kabi masalalar bo’yicha bitimga erishmay turib yangi siyosiy tizim yaratish haqida o’ylash befoyda.
Shuning uchun, deydi mualliflar, muxolif guruhlar bir-birining o’zaro ishonchiga kirmaguncha konstitutsiya yaratish masalasini keyinroqqa qoldirgan ma’qul. Ungacha davlat ishlarini yuritish uchun muvaqqat konstitutsiya yoki kelishuv amalda bo’lishi kerak. Qo’llanmaga ko’ra, o’tish davrida tomonlar hukumatda kuchlarni bo’lishish va tinchlikka erishish masalalariga kelishib olishlari lozim.