Okean suvlarining isishi Gavayi orolining suvosti olamiga tahdid solmoqda. To’rt yil avval suvosti haroratining oshishi marjon qoyalariga zarar yetkazgan edi. Olimlar ularni asrab qolish uchun yangi kurash usullarini topish ustida bosh qotirmoqda.
Marjon qoyalarining rangi ularning ahvoli yaxshi emasligidan dalolat beradi. Rangning ochligi dengiz harorati oshganini bildiradi. Suv qanchalik issiq bo’lsa, marjonlar shunchalik zarar ko’radi.
Gavayi suv osti marjon qoyalarida oqarish boshlangan. To’rt yil oldingi issiq to’lqindan zararlangan qoyalar hanuz to’la tiklanmagan.
Tabiatni kelajak avlodga saqlash uchun olimlar ekotizimni o’rganmoqda. Ham suv ostida, ham sun’iy yo’ldosh tasvirlari orqali.
“Har safar suvga tushganimizda o’zgarishlar ko’zga tashlanadi. Muhimi, to’g’ri o’lchash va ma’lumotlarni samolyot, sun'iy yo’ldosh orqali olayotgan kuzatuvlarimiz bilan taqqoslab, jamlab aslida nima bo’layotganini bilish ”, - deydi Arizona Davlat universitetidan iqlimshunos Greg Asner.
Mutaxassislarga ko’ra, marjon qoyalari hudud uchun muhim. Ular nafaqat orolga sayyohlarni chorlab iqtisodni ko’taradi, balki Gavayi sohillarini suv toshqinlari va to’fonlardan ham asraydi.
Qoyalar kichik ko’rinsa-da, dengiz mavjudotlarining chorak qismi hayoti unga bog’liq. Okeanshunos Jemison Govga ko’ra, marjon qoyalari yer yuzidagi eng rang-barang ekotizimdir.
“Marjon qoyalari baliqlarning uyi. Baliqlar esa ekosistema uchun muhim, mahalliy aholining rizqi. Sayyohlik yoki baliqchilik bizneslari, iqtisod uchun ham muhim”, - deydi Gov.
Olimlar suv haroratining ko’tarilishi oqibatida dengiz saltanati ajoyibotlari va baliqlarning ba’zi turlari qirilib ketishidan xavotirda. Ular boshqa joylarda ham marjon qoyalari zararlanayotganini kuzatmoqda.
Tabiatshunoslar sayyohlarni ekotizimga nisbatan ehtiyotkorlikka chorlamoqda: quyoshdan himoya kremlari surib ularni ushlamaslik, ma’lum baliqlarni ovlamaslik kerak.
“Umid bor. Nafaqat Gavayidagi, balki butun suv osti marjon qoyalari oldin ham haroratdan zararlangan va qayta tiklangan. Bu galgisidan ham omon qoladiganlari bo’ladi, albatta. Insoniyat mahalliy va global tabiatga ta’sirini kamaytira olsa, marjon qoyalari kelajak yuzini ko’rishi mumkin”, - deydi Gov.
Olimlarning aytishicha, iqlim o’zgarishi, dengiz osti harorati ko’tarilishi ta’siridagi mavjudotlarni asrash dolzarb mavzu bo’lib qolaveradi.
Facebook Forum