Breaking News

Gidroksixloroxin koronavirusdan davolashda samarali dorimi?


Afrikada koronavirusdan vahimaga tushgan odamlar dori-darmon g’amlashi natijasida dorixonalarda bezgakka qarshi dorilar tugamoqda. Ayrim mamlakatlar COVID-19 kasalligini davolash uchun gidroksixloroxin preparatini ko’paytirmoqda.

“29 million dona shunday preparat sotib oldik. AQShdagi ko’plab laboratoriyalar yetkazib beryapti. Virusga qarshi ish bersa, bizda yetarli bo’lsin deymiz”, - deydi AQSh Prezidenti Donald Tramp.

Plakenil deb ham ataluvchi gidroksixloroxin, asosan, bezgak, teri sili, artritni davolashda qo’llaniladi. Preparatning koronavirusdan davolash xususiyatlari isbotlanmaganiga qaramay, Tramp fevral oyidan beri shu dori haqida gapiradi.

“Shifokorlarim bilan maslahatlashib, balki men ham shu dorini icharman”, - dedi prezident.

Biroq AQSh bosh infeksionisti Entoni Fauchi preparat ish bermasligini bot-bot aytib keladi. Ayrim manbalar Trampning savdo bo’yicha maslahatchisi Piter Navarro Fauchi bilan shu masalada tortishganini aytadi.

Xloroxinning COVID-19 ga qarshi ta’siri klinik sharoitda sinovdan o’tkazilmagan bo’lsa-da, Oq uy mart o’rtalarida shu dorini favqulodda foydalanish uchun ma’qullagan edi.

“Xloroxin o’ndan ortiq virusli kasalliklarga qarshi ko’p marotaba sinalgan, ammo biror marta ish bermagan. Ayrimlar uning samarasi haqida gapirmoqda, ammo izlanishlar yetarlicha emas. Uning samarasini ko’rish uchun randomizatsiyalangan klinik tadqiqotlar natijalariga muhtojmiz”, - deydi Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti eksperti Deyvid Sullivan.

Trampning aytishicha, bezgak keng tarqalgan mamlakatlarda koronavirusga chalinganlar ancha kam, teri sili bilan kasallanganlar orasida ham COVID-19 bemorlari juda kam.

Bu bir taxmin, xolos, deydi AQSh sog’liqni saqlash vazirining sobiq yordamchisi Anand Parex.

“Dalillar va raqamlarni ko’rmas ekanmiz, xulosaga berilmaslik kerak. Afrikada koronavirus bilan kasallanganlar sonining yuqori emasligiga oddiy bir sabab qit’a mamlakatlarida koronavirusni aniqlovchi testlarning ozligidir”, - deydi mutaxassis.

AQSh kasalxonalarida COVID-19 bemorlariga gidroksixloroxin berila boshlagan. Ayrim mutaxassislar uning zarari yo’q deya aytmoqda, biroq preparatning yurak ritmi buzilgan odamlar uchun xavfli ekani ma’lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG