Koronavirusning dunyo miqyosida tarqalishi bilan bog’liq xavotirlar tufayli ikkita kruiz kemasi dengizda turib qoldi, kruiz sayohatlarini tashkil qiluvchi kompaniyalar aksiyalari keskin qadrsizlandi. Kasallik sabab odamlar bu yili sayohatni kamaytiradigan ko’rinadi. Turizm sanoati katta zarar ko’rishi kutilmoqda.
Katta tezlikda dunyo bo’ylab tarqalayotgan koronavirus qurbonlari nafaqat oddiy odamlar, balki yirik kruiz operatorlari va aviakompaniyalar hamdir.
“Koronavirus ushbu sanoat ko’zini ko’kartirdi desak mubolag’a bo’lmaydi. Osiyo sayyohlar uchun yopilgani sabab ko’plab odamlar kruizlardan voz kechmoqda. Virus yuqtirishdan qo’rqqan odamlar sayohat rejalarini bekor qilmoqda”, - deydi Nyufaundlenddagi Memorial universitetidan doktor Ross Klayn.
Kruiz kompaniyalarining aksiyalari ham keskin qadrsizlandi.
“Sayohat industriyasi, kruiz sohasiga aloqador kompaniyalar koronavirusdan qattiq jabr ko’rdi”, - deydi "Bankrate" bosh moliyaviy tahlilchisi Greg Makbrayd.
“Royal Caribbean” va “Carnival” kruiz kompaniyalari joriy yilda daromad kutilganidek bo’lmasligini aytmoqda.
“Virus ilk paydo bo’lganida “Carnival” korporatsiyasi aksiyalar 65 sentga arzonlashishi haqida bashorat qilgan edi. Ammo bugunga kelib shuni aytish mumkinki, zarar ancha kattaroq”, - deydi Klayn.
4-fevral kuni “Carnival” kompaniyasiga qarashli “Diamond Princess” kruiz kemasi 3700 ta yo’lovchisi bilan sohilga chiqolmay Yaponiya suvlarida turib qolganidan beri undagi kamida 705 odam virusga chalinib, shu paytga qadar to’rt nafari o’lgan. “Westerdam” kruiz laynerini esa besh bandargohda qabul qilishdan bosh tortishgach, kema dengizda turib qoldi.
“Diamond Princess” kemasi taqdiridan so’ng boshqa kemalar endi ayni yo’nalishlarga borishdan oldin o’ylab ish qiladi”, - deydi Amerika avtomobil uyushmasidan Robert Sinkler.
Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, mavjud xavotirlarga qaramay, kruiz kemasida sayohat qilish u qadar tahlikali emas. Amerika sayohat maslahatchilari jamiyati rahbari Zeyn Kerbining aytishicha, Osiyodan boshqa joylarda vaziyat barqaror.
“Amerikadagi sayohat konsultantlari Osiyoga kruiz sayohatlari bilan ko’p shug’ullanmaydi. Karib dengizi, O’rta dengiz bo’ylab kruizlar ancha yaxshi ketyapti. Yanvar eng yaxshi oy bo’ldi”, - deydi u.
Kerbining aytishicha, kruiz sanoati turli xil inqirozlarga bardoshli bo’lib, yaqin o’tmishda norovirus, SARS, MERS, zika kabi viruslar hamda 2009-yil global iqtisodiy tanazzuldan eson-omon chiqib olgan.
Facebook Forum