Breaking News

Kongressda propaganda yo'lini to'sish choralari muhokama qilindi


"Islomiy davlat" jangari guruhi o'z safiga odam yollashda ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanadi.
"Islomiy davlat" jangari guruhi o'z safiga odam yollashda ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanadi.

Kongressda o'tgan tinglovda ayrim guruh va davlatlarning propagandasiga qarshi kurash choralarini kuchaytirish masalasi muhokama qilindi. Unda Mudofaa vazirligi va Axborot agentligidan guvohlar ko'rsatma berdi.

Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qo'mitasida o'tgan tinglovda asosiy e'tibor "Islomiy davlat" kabi guruhlar hamda Rossiya, Suriya, Eron kabi davlatlar qo'llayotgan axborot tarqatish usullariga qaratildi.

AQSh Xalqaro teleradio kengashi a'zosi Metyu Armstrong ham guvoh sifatida ishtirok etdi. U so'z erkinligini targ'ib qilish va xolis axborot yetkazish orqali "Amerika ovozi" biryoqlama xabarlarga munosib javob berayotganini ta'kidladi.

"Biz auditoriyaga yetishmayotgan narsani, nimalar aytilayotganini, lekin haqiqatni yetkazamiz. Bu odamlarga chiqishda va ta'sir qilishda qo'l keladi; shu yo'l blan odamlar propaganda nima ekanini anglashiga yordam beramiz", - deydi u.

AQSh generali Charlz Mur o'z g'oyalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali agressiv tarqatayotgan "Islomiy davlat" guruhi haqida gapirdi.

"Ularning ijtimoiy tarmoq va kiber vositalardan foydalanish imkoniyatlari eng katta qurollaridan. Ishlash tezligi, odamlar orasiga kirib borish darajasida gap ko'p. Bir kunda 24 soat, bir yilda 365 kun ishlashyapti. Ularning g'oyalari tarqalishi tezligiga mos ravishda kurashish kerak", - deydi harbiy.

AQSh Mudofaa vaziri yordamchisi Maykl Lampkinning aytishicha, ijtimoiy tarmoq tezkorligiga mos strategiya ishlab chiqish lozim.

"Vaziyatning murakkabligi yaxshi o'ylangan strategiya ishlab chiqishni talab qiladi. Bir-biridan farq qiluvchi dushmanlarga qarshi muvaffaqiyatli kurashish uchun bu zarur. Ularning har bir tvitiga tvit, har bir vebsaytiga vebsayt bilan javob berish amaliy jihatdan samarasiz va moliyaviy tomondan behuda ish", - deydi u.

Lampkinning aytishicha, vazirlik byudjetining qisqarayotgani bir necha yillik strategiya ishlab chiqishda muammolar tug'diradi, ammo propagandaga qarshi kurashga bir necha hukumat agentliklarining jalb qilingani umidlarni oshiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG