Breaking News

Kaliforniyada mahbuslarni koronavirusdan himoya qilish uchun choralar ko'rilmoqda


San-Kventin qamoqxonasi
San-Kventin qamoqxonasi

Yangi koronavirus AQSh qamoqxonalariga ham kirib borishga ulgurgan. Masalan, Kaliforniyaning San-Kventin shahridagi qamoqxonada 3500 dan ziyod mahbuslarning yarmidan ko’pi COVID-19 bilan kasallangani aniqlandi. Qamoqxona ma’muriyati ayrim mahbuslarni ozod qilish ustida o’ylanmoqda.

Kaliforniyada mahbuslarni koronavirusdan himoya qilish uchun choralar ko'rilmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:23 0:00

Namoyishchilar o’zlarini Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusomning uyi darvozasiga kishanlab, mahbuslarni ommaviy ravishda ozod etishni talab qilmoqda.

Chanda Uilyams San-Kventin qamoqxonasida so’nggi olti yildan beri mahbuslarga yoga o’rgatadi. Shtatda 100 mingdan ziyod mahbus bo’lsa, koronavirus San-Kventin qamoqxonasidagilarni eng ko’p nishonga olgan. Uilyams mahbuslarni ozod etishni so’rab rasmiylarga ko’p xat yozgan.

“Bu odamlarni jinoyatlari uchun qamashgan. Ammo qamoqda o’lsin deb, ayniqsa shtat beparvoligidan o’lsin deb qamashmagan. Shtat ularning sog’lig’i, xavfsizligi va tinchligini saqlash mas’uliyatini olgan, ammo vazifasini uddalay olmadi”, - deydi Uilyams.

Virusdan sarosimaga tushgan ko’plab idoralar singari AQShdagi qamoqxonalar ham xodimlar va mahbuslarni undan himoya qilishda ancha qiynaldi.

Kaliforniya bo’ylab koronavirusga keng qamrovli testlar o’tkazilmoqda. Gubernator qamoqxonalarda odamlar sonini kamaytirish maqsadida salkam 3500 mahbusni erta ozod etishga ruxsat berdi.

Shtat qamoqxonalarida sog’liqni saqlash masalalariga mas’ul rasmiy iyul oyida mahbuslarga video orqali murojaat qildi.

“Faoliyatimizga jiddiy o’zgarishlar kiritilmoqda. Buning natijasida mahbuslarga qiyin bo’lishini tushunamiz”, - dedi Klark Kelso.

San-Kventin qamoqxonasida kamida 19 mahbus koronavirusdan nobud bo’ldi. Shulardan 10 nafari o’limga mahkum qilinganlar.

Mamlakat bo’ylab 70000 dan ziyod mahbusda virus aniqlangan, kamida 100 nafari o’lgan, deyiladi Federal qamoqxonalar byurosi ma’lumotnomasida.

Chanda Uilyamsdan yoga bo’yicha dars olgan 41 yashar sobiq mahbus Chenton Banda 1-iyul kuni – qamoqdan ozod etilgan kun virus topildi.

Ban koronavirus sabab erta ozod etilgani yo’q. Qurolli talon-taroj uchun belgilangan 50 yillik jazoning 23 yilini o’taganidan so’ng yaxshi xulqi uchun shartli ravishda ozodlikka chiqdi.

“Bizga orani ochib uxlashni buyurishdi. Ammo kameramiz tovuqning katagiday bo’lsa! Buning imkoni yo’q, dedik. So’ng boshni boshqa odamning oyog’i tomon qaratib uxlanglar, deyishdi. Ammo bu virusdan qanday himoya qilishi mumkin”, - dedi Ban qamoqxona ma’muriyatining koronavirusga qarshi siyosatini tanqid qilarkan.

Qamoqxonadan buni izohlash so’raldi, biroq javob kelmadi.

Mahbuslarga qarata bitilgan videoda rasmiylar ijtimoiy masofani oshirishni taklif qildi. Masalan, mahbuslarni muqobil binoga yoki boshqa qamoqxonalarga ko’chirish, kameralarni tez-tez tozalash tavsiya qilindi.

Qamoq muddati tugashiga 180 kundan kam qolgan mabuslar ozod etildi. Shtat ma’muriyati yana bir necha ming odamni ozod qilmoqchi, biroq bu ishga diqqat bilan yondashish kerakligi aytilmoqda. Oiladagi zo’ravonlik yoki boshqa zo’ravon jinoyatlar uchun qamalgan yoki ozod etilganidan so’ng jinsiy tajovuzkor sifatida ro’yxatdan o’tishi kerak bo’lganlar bundan mustasno.

“Odamlarni ozod etishga mas’uliyat bilan yondashish kerak. Qamoqdan so’ng ular shtat bog’laridagi o’rindiqlar yoki uysizlar uchun boshpanalarga joylashsa yaxshi bo’lmas”, - deydi demokrat gubernator Nyusom.

“Odamlar salomatligini ta’minlashni istasak, ko’proq mahbuslarni ozod etish kerak bo’ladi”, - deydi Kaliforniya universitetida qamoqxona huquqi va siyosati dasturi rahbari Sheron Dolovich.

Rasmiylar koronavirus kasallari sonini kamaytirish maqsadida ko’proq mahbuslarni ozod etish ustida o’ylanarkan, namoyish qilayotgan odamlar mahalliy hukumatlarni sustkashlikda ayblamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG