Hindistonda 1 million 800 mingdan ortiq odamda koronavirus aniqlanib, o’lganlar 38 mingdan oshar ekan, Ichki ishlar vaziri Amit Shoh hamda ikki yirik shtat Karnataka va Madhya Pradesh rahbarlari virus yuqtirgani ma’lum bo’ldi.
Bu mamlakatda yangi kasallanganlar soni qatorasiga beshinchi kun 50 mingdan oshib ketmoqda.
Yakshanba kuni Uttar Pradesh shtati vazirlaridan biri koronavirusdan o’ldi.
Amit Shoh Bosh vazir Narendra Modiga yaqin odamlardan bo’lib, u bilan aloqada bo’lgan Vazirlar mahkamasining boshqa a’zolari tekshirilishi aytilmoqda.
Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, Hindiston zardob instituti Oksford universiteti va “AstraZeneka” kompaniyasi hamkorlikda ishlab chiqarayotgan vaksinani sinovdan o’tkazishga hukumatdan ruxsat oldi.
Dunyoda olimlarning 140 dan ortiq guruhi koronavirusga qarshi vaksina ustida izlanmoqda. Rossiya klinik sinovlar nihoyasiga yetganini bildirib, oktabrdan aholini emlashni boshlamoqchi. Vaksina avval shifokorlar va o’qituvchilarga taklif etilishi aytilmoqda.
AQShning yuqumli kasalliklar bo’yicha yetakchi mutaxassisi Entoni Fauchi rus vaksinasi o’ta tez yaratilganiga shubha bilan qaramoqda. Uning aytishicha, AQShda vaksina yil oxirigacha tayyor bo’ladi va eng muhimi xavfsiz bo’ladi. Fauchi boshqa mamlakatlar Amerikadan oldin vaksina yaratishiga ishonmasligini aytadi.
Facebook Forum