Breaking News

Shifokorlar koronavirus va ahmoqlikka qarshi kurashayotganini aytadi


AQShning Xyuston shahrida joylashgan tibbiy markaz bosh mutaxassisi Jozef Varon Texas shtatida virus tez tarqalishiga ikkita sabab ko’rsatmoqda. Unga ko’ra, odamlarning ko’chada niqob taqmayotgani va ijtimoiy masofani saqlamayotgani vaziyatni og’irlashtirmoqda.

“Ikki xil narsaga qarshi kurashishga majburmiz. Biri koronavirus, ikkinchisi esa odamlarning ahmoqligi. Koronavirus ustidan g’alaba qilishimizga ko’zim yetadi, ammo ahmoqlikni davolash borgan-sari qiyinlashmoqda”, - deydi shifokor.

Varon o’pka kasalliklari va intensiv terapiya bo’yicha mutaxassis. Unga ko’ra, kasalxona koronavirus bemorlari bilan to’lib bormoqda, shifokorlar tunu-kun xizmat qilib, holdan toymoqda.

Varon bir kunda 40 bemorni ko’radi, faoliyati davomida kasalxonada bu qadar ko’p o’lim hollarini ko’rmaganini aytadi.

“Zilzilalarni ham ko’rganman, portlashlarni ham, sunamilarni ham. Xayolingizga kelgan har bir falokatga guvoh bo’lganman, ammo bunisi hammasidan o’tib tushadi, chunki muntazam ravishda davom etmoqda”, - deydi mutaxassis.

Koronavirus bemorlarni davolayotgan shifokorlarni ham nishonga olmoqda. Shu onga qadar dunyo bo’ylab virus aniqlangan 17 million odamdan 4,5 milliondan ortig’i AQShda. Bu mamlakatda salkam 154 ming odam o’lgan.

Jozef Varon bilan ishlovchi 43 yashar hamshira Kristina Maters o’tgan hafta virus yuqtirgan. Maters 29-apreldan beri dam olish kunlarisiz ishlayotgan edi.

“Odamlarga virus haqida ko’proq ma’lumot berib turish kerak. Ba’zilar baqir-chaqir qiladi, virus borligiga ishonmaydi. Aldaganimiz yo’q, yolg’ondan nima foyda?” – deydi hamshira.

So’nggi haftalarda AQShning Texas, Kaliforniya, Arizona va Florida shtatlarida kasallanganlar keskin ko’paygan. Iyul oyida Texasda ikki karra ko’p odamda koronavirus aniqlangan, o’lim hollari o’tgan hafta 32 foizga ko’paydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG