Breaking News

COVID-19 amerikalik hindularga ruhiy azob bermoqda


Montana shtatidagi “Qora oyoq millat” konfederatsiyasiga a’zo Kreg Falkonning aytishicha, koronavirus pandemiyasi paytida u bir necha yaqin do’stidan ayrildi.

“Biz aka-ukadek edik”, - deydi u.

Konfederatsiyaga hindularning bir-biriga yaqin uch qabilasi vakillari qo’shilgan.

“Bir do’stim bilan telefon orqali hol-ahvol so’rashdik. Kasallik unda asoratsiz kechayotgan edi. Ikki kundan keyin vafot etganini bildim”, - deydi Falkon.

“Amerika Ovozi” mamlakatdagi qator hindu qabilalari bilan gaplashib, ko’p xonadonlar boshiga shunday musibat tushganiga amin bo’ldi.

Amerikalik hindular va Alyaskaning tub aholisi (AH/ATA) orasida qand kasalligi, yurak kasalligi, o’pka kasalligi, astma, semizlik kabi turli kasalliklarga uchragan odamlar ko’p bo’lib, bundaylarda koronavirus yuqtirish xavfi yuqoridir.

AQSh Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi 14 shtatdagi ahvolni o’rganib xulosa qilishicha, 2020-yilning birinchi yarmida AH/ATA vakillari orasida o’lim hollari oq tanlilarga qaraganda ikki baravar ko’p qayd etilgan. Ba’zi joylarda koronavirusga testlar cheklanganini va ayrim insonlarning bu testlarga qarshiligini hisobga olganda asl raqamlar bundan-da yuqori bo’lishi mumkin.

Koronavirus pandemiyasining boshida joriy etilgan karantin choralari natijasida hindularning “pau-vau” tadbirlari bekor bo’lib, ko’plab qabilalar noroziligiga sabab bo’ldi. Pau-vau raqsga tushish, qo’shiq aytish, bazm qilish marosimidir. Kanadaning Yangi Shotlandiya viloyatida yashovchi Stefani Gebert “Facebook”da maxsus sahifa ochib, pau-vau tadbirlarini onlayn formatga o’tkazdi.

“Pau-vau bu shunchaki bir shovqinli ziyofat emas. Ko’plar uchun bu hayot tarzidir. Ba’zilar buning hisobiga kun kechiradi – kimdir raqs musobaqalarida mukofot pulini yutib, kimdir esa buyumlarini sotib”, - deydi Gebert.

“Facebook”dagi sahifaga minglab odamlar qo’shilib, raqqoslar, xonandalar, mayda savdogarlar o’z chiqishlari va sotiladigan buyumlarini internetga qo’ya boshladi. Biroq so’nggi paytlarda bu sahifadagi postlar g’am-alamga to’la.

“Tunda olamdan o’tgan jiyanim uchun ibodat qilishingizni so’rayman. U juda ham jo’shqin, hayotga to’la ayol edi. 3, 8 va 9 yashar farzandlari onasiz qoldi”, - deyiladi eng so’nggi postlarning birida.

“Har kuni bir xonadonda fojia. O’tib qolgan yaqinlarining ruhi uchun duo qilishni so’rayotganlar ko’p sahifada”, - deydi Gebert.

AQShning ayniqsa Janubiy Dakota shtatida ahvol ayanchli. “Shayenn daryosi” qabilasining Rapid Siti shahrida yashovchi vakili Mariella Andersonning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, uning oilasi koronavirusni o’smir farzandidan yuqtirdi.

“O’g’lim shanba oqshomida o’rtoqlari bilan bir bazmga bordi. Dushanba kuni ertalab mazasi yo’qligini aytdi”, - deydi ayol.

Tez orada xonadonning hamma a’zosi, jumladan Mariellaning keksaygan onasi Keyt ham koronavirusga chalindi. Keyt ko’p o’tmay Rapid Siti kasalxonasida olamdan o’tdi.

“O’g’limga o’zingni ayblamagin deb aytaman. Buvingni yoshi anchaga yetgan edi, sog’lig’i ham yaxshi emas edi, deyman. O’g’lim joniga qasd qilishidan qo’rqaman”, - deydi Mariella.

Yoshlar orasida o’z joniga qasd qilish hollari Janubiy Dakota rezervatsiyalarida ko’p uchraydi. Pandemiya bu muammoni kuchaytirdi.

“Aprel oyidan beri 21 odam, asosan, yoshlar o’z joniga qasd qilgan”, - deydi “Payn Ridj” hindular rezervatsiyasida bu muammolar bilan shug’ullanuvchi “BEAR” nodavlat tashkiloti direktori Ivonn Dekori.

Amerikaning eng qashshoq grafliklari aynan Payn Ridjda joylashgan. COVID dan oldin rezervatsiyada ishsizlik salkam 90 foiz atrofida edi, oilalarning yarmidan ko’pi qashshoqlik chegarasi ostida yashardi. Bugunga kelib ishi borlarning ko’pi maoshsiz vaqtincha ta’tilga chiqarildi. Ko’p oilalarda yegulik yo’q.

Qabila yoshlar uchun yozgi ish dasturini bekor qilishga majbur bo’ldi.

“Dastur orqali yoshlar kuniga 4 soat ishlayotgan edi. Topgan puliga o’zlariga maktabga krossovkalar yoki jinsi shim sotib olishardi”, - deydi Dekori.

Sentabr oyida maktablar ochilmadi, yoshlar do’stlari va jamoadan ajralib qoldi, ko’p o’quvchilar onlayn o’qishga qiynalyapti.

“Ba’zilarida kompyuter yoki internet yo’q. Darslarni o’zlashtira olmasligidan xavotirda ular”, - deydi mutaxassis.

Xavotir, asabiylashish, yakkalanish ba’zilarining spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarga ruju qo’yishga majbur qilmoqda. Bu esa zo’ravonliklar, jinoyatlarga yetaklashi mumkin.

Janubiy Dakotada virus sentabr oyida tez tarqala boshladi. Shtatdagi bir necha qabila a’zolariga ko’ra, bunga avgust boshida Strugis shahrida o’tgan 10 kunlik mototsiklchilar rallisi sabab bo’lgan. Tadbirni tomosha qilish uchun shaharga 365 mingdan ziyod odam kelgan.

Kaliforniya shtatidagi San-Diyego davlat universitetining Soq’liqni saqlash iqtisodiyoti va siyosatni o’rganish markazi rallidan so’ng 260 mingdan oshiq odam koronavirus yuqtirganini o’z hisobotida ma’lum qildi.

Shtatda niqob taqishni majburiy qilishdan bosh tortgan Janubiy Dakota gubernatori Kristi Noem hisobotdagi ma’lumotlarni uydirma deb atadi.

Shtatda rasmiy cheklovlar yo’q ekan, qabilalarning o’zi uyda o’tirish, idora va do’konlarni yopish, niqob taqish kabi choralarni joriy etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG