Malayziyada karantin qisman yumshamoqda
Malayziyada yetti hafta oldin koronavirus sabab joriy etilgan karantin yumshatilgan. Poytaxt Kuala-Lumpurda ko’chalar jonlangan, jamoat transporti ancha faollashgan. Hamma joyda ijtimoiy masofani saqlash va niqob taqish haqida belgilarni ko’rish mumkin.
Ba’zilar hukumatning bu qarorini olqishlamayapti. Iqtisodiy jonlanish epidemiyaning yangi to’lqiniga turtki berishi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud.
13 shtatning to’qqiztasi bizneslarni ochishdan bosh tortdi yoki cheklangan kompaniyalarga ish boshlashga ruxsat berdi.
Shirkatlar sog’liqni saqlashga qaratilgan choralarga amal qilishi shart, odamlarning ko’p sonda to’planishi hamon taqiqlangan. Maktablar, kinoteatrlar, ibodatxonalar hamon yopiq, jamoaviy sport turlari bilan shug’ullanish mumkin emas, viloyatlararo qatnov hali ham taqiqlangan.
Malayziyada 6353 odam koronavirusga uchragan bo’lsa, 105 nafari olamdan o’tgan.
Fransiyada karantinning so'nggi haftasi
Fransiyada mart o’rtalarida kuchga kirgan karantin yana bir haftadan so’ng bosqichma-bosqich bekor qilinishi kutilmoqda, biroq poytaxt Parijda odamlar hozirdan ko’chaga chiqqan. 11-maydan boshlab maktablar va bizneslar ochiladi.
Fransiya virus bilan kasallanganlar soni bo’yicha dunyoda beshinchi o’rinda ekan, salkam 169 ming odam bu yangi dardga mubtalo bo’lgan, o’lganlar soni 25 mingga yaqin.
Kasalxonalarda bemorlar soni tushishda davom etmoqda.
Sog’liqni saqlash vazirligi kasallanganlar va kasalxonaga joylanganlar soniga qarab hududlarni qizil, yashil va qo’ng’ir zonalarga ajratib, xaritaga tushirgan. Parij mintaqasi qizil bilan belgilangan.
Gretsiyada cheklov choralari qisman bekor qilinmoqda
Gretsiyada 42 kunlik karantindan so’ng cheklovlar asta-sekin bekor qilinmoqda. Bugundan boshlab odamlar ko’chaga chiqish uchun maxsus idoraga sms jo’natishi yoki maxsus ruxsatnoma olib yurishi shart emas.
Kompaniyalar ham asta-sekin ishga tushmoqda. Go’zallik salonlari, sartaroshxonalar, sport tovarlari, gullar, ko’zoynak va elektronika mollari do’konlari eshiklarini xaridorlarga ochgan. Barchaga gigiyena va ijtimoiy masofaga rioya qilish buyurilgan.
Do’konlar hajmiga qarab xaridorlar sonini cheklashi shart. Jamoat transportida, oziq-ovqat do’konlarida, ko’plab binolarda niqob taqish majburiy, qonunbuzarlar jarimaga tortiladi.
Maktablarda bitiruv sinfi o’quvchilari keyingi hafta, qolganlar esa yana bir haftadan so’ng o’qishga qaytadi.
Gretsiyada 2626 odam koronavirusga uchragan, 144 kishi o’lgan. Yakshanba kuni salkam 80 ming odam test topshirgan.
Hindistonda infeksiyalanish yuqori, ammo karantin yumshamoqda
Hindistonda koronavirus epidemiyasi kuchayishiga qaramay, karantin yumshatilmoqda. 1,3 milliard odam yashovchi bu mamlakatda salkam 5 hafta oldin karantin joriy etilgan edi. Cheklovlar 18-may kuni butunlay olib tashlanishi mumkin.
Hozirgi sharoitda mamlakatning qashshoq qismi eng ko’p azob chekdi. Ish yo’qligidan shaharda qolishni istamagan, ammo shu bilan bir paytda uyiga ketolmagan odamlar har kuni davlatdan issiq ovqat olish uchun navbatlarda turishga majbur bo’lgan.
Kasallanish sur’ati past bo’lgan hududlarda hayot deyarli normal holatga qaytgan. Poytaxt Dehlida quruvchilar, uy xizmatchilari, Uber haydovchilari ishga qaytgan. Shu kungacha yopiq bo’lgan spirtli ichimliklar do’konlari qayta ochilgan.
Vyetnamda maktablar ochilgan
Vyetnamda uch oylik karantindan so’ng maktablar qayta ochilmoqda. Mamlakatda fevral boshidayoq ilk virus paydo bo’lganida barcha ta’lim muassasalari yopilib, o’qish onlayn rejimga o’tkazilgan edi.
“Maktabga qaytganimdan, o’qituvchilarim va sinfdoshlarimni uch oylik tanaffusdan so’ng yana ko’rganimdan xursandman”, - deydi poytaxt Xanoydagi maktablardan birining oltinchi sinf o’quvchisi.
Maktablarda niqob taqish majburiy, binoga kirishdan oldin barchaning tana harorati o’lchanmoqda.
“Hozirgi sharoitda profilaktik choralar o’ta muhimdir. Hamma joyda qo’lni tozalash uchun antiseptik vositalar bor. Har bir o’quvchining salomatligi nazorat etilmoqda”, - deydi bir o’qituvchi.
Vyetnamda 271 ta koronavirus bemori qayd etilgan, o’lganlar yo’q. So’nggi salkam uch haftada yangi holatlar aniqlanmagan.
Rossiyada bir kunda 10 mingdan oshiq odam koronavirusga uchragan
Moskvada G’alaba kuniga tayyorgarlikar ketayotgan bir paytda shahar meri Sergey Sobyanin aholiga karantin qoidalariga qattiq rioya qilishni tayinlamoqda. So’nggi 24 soat ichida Rossiyada koronavirus yuqtirganlar soni 10581 ga ko’paygan. Bu rekord ko’rsatkich. Bir sutkada 76 kishi o’lgan.
Mamlakat bo’ylab karantin 11-maygacha uzaytirilgan. 9-may kuni aviashou bo’lishi kutilmoqda. Harbiy parad sentabr boshiga belgilangan.
Dunyoda koronavirusga qarshi vaksina ustida izlanish avjida
Dunyo bo’ylab 100 ga yaqin tadqiqot guruhlari koronavirusga qarshi vaksinani yaratish ustida ishlarkan, yuzlab odam sinovdan o’tishga rozi bo’lgan. AQSh Prezidenti Donald Tramp vaksina yil oxirigacha ishlab chiqilishi haqida so’zlagan.
Mutaxassislar qaysi vaksina xavfsizroq va samaraliroq bo’lishini bashorat qilishga qiynalmoqda.
Sinovlar bir necha bosqichda kechmoqda. Eksperimental dorilarning yon ta’sirini aniqlash uchun AQSh, Xitoy va Yevropada ko’ngillilar sinovdan o’tkazilmoqda.
Odatda vaksinalarni ishlab chiqarishga yillab vaqt ketadi, biroq hukumatlar jarayonni tezlashtirish, mavjud to’siqlarni bartaraf etish uchun turli rejalar ishlab chiqmoqda.
AQSh bosh infeksionisti Entoni Fauchining aytishicha, vaksina bir-bir yarim yil ichida ishlab chiqilsa ham rekord natija bo’lardi. AQShning Milliy salomatlik instituti vaksina yaratishni yanvar oyida boshlagan.
“Koronavirusga qarshi kurashda o’z hissamni qo’shgan bo’laman”, - deydi ilk sinov dozasini olgan 33 yashar amerikalik ko’ngilli.
Facebook Forum