Breaking News

COVID-19 yoshi ulug' ko'ngilli saylov xizmatchilarini uyda o'tirishga majbur qilmoqda


Odatda saylov uchastkalarida ko’ngilli sifatida xizmat qiluvchi keksa amerikaliklarning bir qismi bu yili COVID-19 sabab saylov kuni uyda qolishini bildirdi. Qariyalar koronavirusga oson chalinadigan toifa bo’lib, ko’ngillilar sonining kamayishi noyabrdagi saylovlarga ta’sir qilishi mumkin.

COVID-19 yoshi ulug' ko'ngilli saylov xizmatchilarini uyda o'tirishga majbur qilmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:36 0:00

Virjiniya shtatining Arlington shahrida yashovchi 65 yoshli Elizabet Slanta so’nggi 30 yil davomida saylov uchastkalarida ko’ngilli sifatida yordam berib keldi. Bu uning oilasi uchun an’ana bo’lib, bu ishni Elizabetning onasi boshlab bergan.

2011-yilda nafaqaga chiqqan ayol bu yilgi saylovda ham yordam berishni niyat qilgan edi, ammo mart oyida koronavirusga chalingani aniqlandi.

“14-mart kuni koronavirusga yo’liqdim. Saylov uchastkasida ko’p odamlar bilan muloqot qilib yuqtirganman deb o’ylayman. Uyimga yaqin saylov okrugida ishlagandim”, - deydi Elizabet Slanta.

Slanta qattiq kasal bo’ldi. Uch hafta davomida isitma bilan olishdi. Virus asoratlari uni haligacha qiynamoqda – hid sezish qobiliyati tiklanmadi, sochi to’kildi.

Ayol pandemiya tugamaguncha saylov uchastkasida ko’ngilli sifatida xizmat qilmaslikka qaror qildi.

“Men ro’yxatdan o’tgan saylov uchastkasining raisi va uning rafiqasi ham kasal bo’lgan ko’rinadi. Bu yilgi saylovda qatnasha olmasligimni aytganimda u ham ishga chiqmasligini bildirdi”, - deydi Slanta.

Ko’ngilli ayol mart oyida partiyalardagi birlamchi saylovlar paytida ishlaganida uchastkada karantin choralari hali joriy etilmagan edi. Ichkarida niqob taqish majburiy emas edi, ijtimoiy masofani saqlashga jiddiy e’tibor berilmagandi.

Noyabr saylovida yordam berish niyatida bo’lgan Emili Landsmen ismli ko’ngillining aytishicha, hozir vaziyat o’zgargan.

“Rayondan “Arlington saylovlari” yozuvi tushirilgan niqoblar oldik. Niqoblardan ko’nglimiz to’q. Agar xohlasak, yuz qalqonlari bilan ta’minlashlarini ham aytishdi. Bizni saylovchilardan ajratib turish uchun plastik to’siqlar o’rnatilmoqda”, - deydi ko’ngilli.

Ayol xavotirlanayotganini tan oladi. U 6000 dan ortiq saylovchi ro’yxatdan o’tgan Arlington grafligidagi eng katta saylov uchastkasiga biriktirilgan. Boshga tushganni ko’z ko’radi, axir kimdir ishlashi kerakku, deydi Emili.

Saylovlarni o’tkazishda yordam berish bilan shug’ullanuvchi komissiya hisobiga ko’ra, 2018-yilda saylov xizmatchilarining taxminan 58 foizi 60 yoshdan katta bo’lgan. Bu yoshdagilar pandemiya paytida koronavirusga oson chalinadigan toifadir.

Agar mahalliy saylov mutasaddilari yoshroq ko’ngillilarni o’z vaqtida bu ishga jalb qila olmasa, 2020-yil noyabr saylovlari chigallashishi mumkin, deydi “Halol saylovlar markazi” tashkilotidan Rayan Pyerannunzi.

“2016-yilgi prezident saylovlarini o’tkazish uchun mamlakat bo’ylab 900 mingdan ortiq saylov xizmatchilarini jalb qilishga to’g’ri keldi. Ularning aksariyati 60 yoshdan oshgan. O’tmishdagi saylovlarda xizmat qilgan yuz minglab odamlarning qanchasi bu gal yordam berishini bilmaymiz hozircha”, - deydi u.

Ayni paytda talabalarga saylov kuni ishlash taklif etilmoqda, biroq mutaxassislarning aytishicha, yoshlar bunga ko’nmasligi mumkin, chunki kuniga 12 soatlik bu ish stressga to’la, katta mas’uliyat yuklaydi.

Saylov uchastkalaridagi ish pulli bo’lib, shtatga qarab soatiga 14-15 dollar atrofida to’lanadi. Bu birmuncha pul ishlab olmoqchi bo’lgan ishsiz talabalarga qo’l kelishi mumkin, biroq noyabrda saylov uchastkalarida ishlash uchun yetarlicha odam bo’ladimi, yo’qmi, buni vaqt ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG