Breaking News

Koronavirusdan sog’aygan odamning qon plazmasi himoya bo’lishi mumkinmi?


Koronavirusga uchrab sog’aygan odamlar boshqalarga bu balodan qutulishda yordam berish maqsadida o’z qoni plazmasini topshirmoqda. Olimlar sog’aygan odamlar qonini quyish orqali infeksiyaga to’siq qo’yish ehtimolini sinovdan o’tkazmoqda.

Aleks Palmatye so’nggi bir necha haftada uch marta qon topshirdi.

“Odamlarda shunday imkoniyat bo’lsa, qonini topshirishi yaxshi deb o’ylayman. Antijismlarga ehtiyoji bor odamlar ko’p”, - deydi u.

Dunyo bo’ylab minglab koronavirus bemorlari kasalxonalarda rekonvalestsent zardob yordamida davolangan, jumladan AQShda 20 mingdan ko’p odam. Olimlar hozircha bu usul bo’yicha bir fikrga kelmagan.

Xitoydagi bir izlanish natijasi aniq samara bermadi, Nyu-Yorkdagi sinovlar esa umidlanishga asos bo’lmoqda.

Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti mutaxassisi Shmuel Shoxamning aytishicha, umid bor, ammo ko’p emas.

Universitet olimlari yangi bir izlanish o’tkazmoqchi. Ular endigina koronavirusga uchragan odamning qon plazmasi bemorga himoya bo’la olishini tekshirmoqchi. Bu izlanish uchun tibbiy xizmatchilar, kasal bo’lgan odamning turmush o’rtog’i va hatto qariyalar uyida endigina virus yuqtirgan odamlarni yollashmoqchi.

Ko’ngillilarning bir qismiga rekonvalestsent zardob, ya’ni koronavirusdan tuzalgan odam qonining plazmasi beriladi, ikkinchi qismiga esa pandemiyagacha olinib muzlatilgan qon plazmasi. Kasallik ko’proq qaysi toifa ko’ngillilariga yuqishi kuzatiladi.

Agar bu izlanishdan natija chiqsa, yangi usul vaksina ishlab chiqilgunga qadar muolajada qo’llaniladi. Virusga uchrash ehtimoli yuqori bo’lgan odamlarga shu yo’l bilan qon quyilib, vaqtincha himoya bilan ta’minlab turiladi.

Inson tanasi yangi mikrob bilan yuzlashganda infeksiyaga qarshi kurashish uchun organizm antijismlar degan oqsil ishlab chiqaradi. Antijismlar qonning sarg’ish rangga ega suyuq qismida bo’ladi.

Antijismlar bir necha haftada hosil bo’lguniga qadar bemor organizmi virusga qarshi turishi uchun unga boshqa inson qon plazmasi orqali antijismlari quyiladi.

Olimlar koronavirus bilan kasallanib sog’aygan odamning ushbu virusga qarshi immuniteti qancha davom etishini hozircha bilmaydi.

“Hammada ham immunitet kuchli emas. Virusga qarshi hosil bo’lgan immunitet kuchining qanchaga yetishi hammani hozir qiziqtirmoqda”, - deydi Nyu-Jersi shtatidagi Xakensak universiteti tibbiy markazidan doktor Mishel Donato.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG