Roxinjalik qochqinlar jon saqlayotgan dunyodagi eng katta qochqinlar lagerlarida oilasidan ayrilib, izoyatsiyaga tushishni istamayotgan odamlar koronavirusga test topshirishdan bosh tortmoqda. Kasallik alomatlari borlar ham testga qarshilik bildirmoqda.
Bangladeshda virus yuqtirganlar 60 mingdan oshgan bo’lsa, shulardan 673 nafari qochqinlar lagerlari joylashgan Koks-Bazar aholisi. May o’rtalaridan beri lagerlarda 29 ta kasal aniqlangan, biroq bir milliondan ziyod qochqinga 339 ta test o’tkazilgan, xolos. Kuzatuvchilar infeksiya tez tarqalishidan xavotirda.
Shu hafta 71 yashar roxinjalik qochqin virusning ilk qurboni bo’ldi. Roxinjaliklar 2018-yil avgustidan so’ng Myanmadan qo’shni mamlakatga qochgan.
Koks-Bazarda kasallanganlarning 35 nafari qochqinlar bilan ishlovchi BMT va boshqa nodavlat tashkilotlar vakillari.
“Lagerdagilar oilalaridan ayrilishni, yolg’iz qolishni istamaydi”, - deydi “Chegara bilmas shifokorlar” tashkilotining Bangladeshdagi missiyasi rahbari Muriyel Bursiye.
Missiyaning bildirishicha, mart oyida klinikalarga 50 foizga kamroq qochqin murojaat qilgan. Virus aniqlangan bemorlar kasalxonadan qochishga uringan. Ba’zi qochqinlarning aytishicha, til muammosi tufayli klinikalarda ularga muomala yaxshi emas.
Roxinjaliklar Myanma hukumati zug’umidan qochgan. BMT, AQSh va yana bir necha mamlakatga ko’ra, Myanmada ularga qarshi qatliom bo’lgan, biroq bu mamlakat hukumati barcha ayblovlarni inkor etmoqda.
Facebook Forum