Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash fonida qashshoq mamlakatlarda yuqumli kasalliklarga qarshi kampaniyalar unutilmoqda. 70 dan ortiq mamlakatlarga vaksinalar yetkazuvchi Vaksinalar va emlash bo’yicha global alyans yoki qisqacha GAVI tashkiloti 13 milliondan ziyod odam qizamiq, meningit, poliomiyelit, sariq isitma va boshqa halokatli kasalliklardan emlanmay qolishi haqida ogohlantirmoqda.
“Pokistonda karantin sabab emlash dasturlarini to’xtatishga majbur bo’ldik, G’arbiy Afrika, Burkina-Faso, Chad, Zimbabve va ko’plab boshqa mamlakatlarda ham ahvol o’xshash”, - deydi tashkilot boshqaruvchi direktori Tabani Mafosa.
Shu bilan birga, Mafosa Kongo Demokratik Respublikasida qizamiqqa qarshi emlash dasturi to’xtamaganini qayd etdi.
“Ebola virusidan keyin olingan saboq shu bo’ldiki, bu mamlakatda bolalar eboladan ko’ra qizamiqdan ko’proq o’layotgani bois dasturni to’xtatmaslik kerak”, - deydi GAVI vakili.
YUNISEF bergan ma’lumotga ko’ra, Kongo Demokratik Respublikasida 300 mingdan ortiq qizamiq holatlari qayd etilgan bo’lsa, 6000 odam o’lgan, aksariyati besh yoshgacha bo’lgan bolalar.
Biroq COVID-19 kasalligining tarqalishi oqibatida bu mamlakatlarda emlash dasturlari to’xtab qolishi kutilmoqda, bu esa vaksina yordamida oldini olish mumkin bo’lgan kasalliklarning tarqalishiga yetaklashi mumkin.
“Qizamiq, ko’kyo’tal va ko’plab boshqa kasalliklarga chalinish va ulardan o’lish sur’ati yuqori ekan, keyingi olti oy-bir yilda bolalar himoyasiz qolishi kutilmoqda”, - deydi Tabani Mafosa.
GAVI vakili emlash bilan shug’ullanayotgan tibbiy xizmatchilarni koronavirusdan himoyalovchi vositalar bilan ta’minlashga chaqiradi.
Facebook Forum