Dunyo bo’ylab koronavirus yuqtirganlar 1 million 200 mingdan, undan o’lganlar esa 66 mingdan oshgan bir paytda Prezident Donald Tramp AQShning o’zida ahvol hali beri yaxshi bo’lmasligini aytmoqda.
“Kelayotgan va undan keyingi haftalar eng og’iri bo’ladi chamamda. Afsuski, ko’p odam o’ladi”, - dedi Tramp.
AQShning bosh infeksionisti Entoni Fauchining aytishicha, odamlarning uyda o’tirgani kasallik tarqalishining sekinlashishiga katta hissa qo’shyapti.
“Biroq shu bilan birga, o’lim holatlari o’sishiga guvoh bo’lamiz. Virus tarqalishi sekinlashishini bilish uchun yangi infeksiya holatlari bilan bog’liq statistikaga e’tibor berishimiz kerak”, - deydi mutaxassis.
Yevropada ahvol hanuz ayanchli. Ayniqsa Italiya va Ispaniyada. Germaniya Ispaniyaga o’pka ventilyatorlarini yuborgan. Italiyada 130 ming odam kasallangan bo’lsa, shulardan 11 ming nafari tibbiy xizmatchilar.
Fransiya kasallarni yirik shaharlardan chiqarmoqda.
122 ming odam kasal Nyu-Yorkka Xitoy va Oregon shtatidan mingta ventilyator yetkazilgan.
“Bu juda ham katta yordam”, - dedi Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo.
Unga ko’ra, Nyu-York kasalxonalariga 30 mingta shunday apparat kerak. Aytish joiz, sun’iy nafas oldirish apparatlari arzon emas. 50 ming dollargacha turishi mumkin.
Tibbiy mutaxassislar kasallarni davolash uchun sog’ayganlar qonidagi plazmani bemorlarga quyishni sinamoqchi.
“Bu boradagi izlanishlar bo’yicha qo’shimcha ma’lumotga shu hafta ega bo’lamiz”, - deydi AQSh Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi rahbari Stiven Xan.
Koronavirusdan sog’ayganlar qoni plazmasidagi antitelolar virusdan immunitet bo’lib, og’ir kasallarni davolashda qo’l kelishi mumkin. Fransiyada bu boradagi klinik tajribalar 7-aprel kuni boshlanadi.
Prezident Tramp ba’zi sanoatlar kabi og’ir moliyaviy davrni boshdan kechirayotgan sport sohasi rahbarlari bilan hafta oxirida uchrashdi. Sport muxlislari musobaqalar qoldirilganidan afsusda.
Ayrim sport majmualarida esa koronavirisga qarshi kurash ketmoqda. Masalan, AQSh poytaxtining “Washington Redskins” amerikacha futbol jamoasi o’yingohida koronavirusni aniqlash uchun test markazi tashkil etilgan.
“Hujjatsiz odamlar ko’p, shaharda yashovchi salkam 90 ming odamda tibbiy sug’urta yo’q”, - deydi tibbiy mutaxassislardan biri.
Prezident Trampning aytishicha, iqtisodiy yordam paketining keyingisida kichik bizneslar uchun qo’shimcha pul ajratilishi, sport ligalariga esa soliq imtiyozlari berilishi kerak.
“Mamlakatni qayta ochish kerak”, - deydi Tramp.
Sport musobaqalari nafaqat AQShda, balki butun dunyo bo’ylab to’xtatilgan.
Facebook Forum