Oq uyda o’tkazilgan Milliy ibodat kunida Prezident Donald Tramp koronavirus qurbonlarini xotirladi.
“Fojiali yo’qotish va musibatga uchragan har bir oila uchun ibodat qilyapmiz. Shifokorlar, hamshiralar, ko’zga ko’rinmas dushmanga qarshi kechayotgan urushning oldingi chiziqlarida jonini jabborga berayotgan odamlar uchun ibodat qilyapmiz. Olimlar va tadqiqotchilar uchun, ular bu dardga tezroq davo va vaksina topishi uchun ibodat qilyapmiz. Mamlakatimiz farovonligi va xavfsizligi uchun mehnat qilayotgan odamlar uchun ibodat qilyapmiz. Yaratgan ularni o’z panohida asrasin”, - dedi Tramp.
Mamlakat bo’ylab diniy muassasalar ochilar ekan, Tramp ma’muriyati Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi ular uchun ishlab chiqqan yo’riqnomalarni bekor qildi. Tramp tanqidchilariga ko’ra, qaror ortida siyosiy sabablar bo’lib, Trampning dindor tarafdorlari mehrini yanada qozonishga qaratilgan.
“Ibodatxonalarda cheklovlarni kuchaytirmaslik dindor saylovchilarni o’ylab qilingan ishdir. Prezident bu bilan ozchilikdagi jamoalarni ham o’ziga qaratmoqchi. Odatda ozchilikdagi guruhlar vakillari aholining asosiy qismiga qaraganda dindorroq bo’ladi”, - deydi Jorj Vashington universitetida siyosat va dindan ta’lim beruvchi Kvadrikos Driskel.
So’nggi ommaviy so’rovda qatnashgan respublikachilarning 73 foizi hamda demokratlarning atigi 20 foizi ibodatxonalar ochilishi bilan qatnashini aytgan. Biroq bunday insonlarning bir qismi ham Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi yo’riqnomalariga rioya qilish muhim ekanini tan oladi.
“Markaz bu borada katta tajribaga ega. AQShdagi federal tizimda qoidalarni shtat hukumatlari joriy etadi. Qoidalar ijrosi esa cherkovlar va boshqa diniy muassasalar rahbarlari, ruhoniylari zimmasiga tushadi. Markaz yo’riqnomalari ularga bunda yordam beradi”, - deydi Vashingtondagi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Timoti Karni.
Xususan, Ramazon oyida musulmonlarga karantin haqidagi mahalliy qoidalarga rioya qilib, islomiy markaz va masjidlarda ibodatni to’xtatib turish tavsiya qilingan.
Facebook Forum