Koronavirusdan uzoqroq turishning bir yo’li – odamlar bilan aloqani kamaytirish. Qishloq aholisi uchun bu qiyin emas.
“Oilaviy ferma yuritamiz. Ko’pchilik emasmiz, shunga kasallikka uchrash ehtimoli deyarli yo’q. Koronavirus bormi, yo’qmi, sahar turib, chorvaga qarashimiz kerak”, - deydi illinoyslik fermer Skot Xalpin.
COVID-19 inqirozi dunyo bo’ylab tarqalganida Xalpin ferma ishlari bilan Keniya va Isroilga safar qilayotgan edi. Vaziyat o’z joyiga tushmaguncha Illinoysdagi qishloq fermasida o’tirishga majbur.
“Bundan tashvishlanayotganim yo’q. Shunchaki ehtiyot bo’lishimiz kerak, odamlar bilan kamroq aloqa qilish kerak, fermada esa ishlar to’xtab qolmasligi lozim. Chorvani o’z vaqtida boqib, mahsulotlarni mijozlarga yetkazib turish kerak. Bir necha haftadan so’ng ekinni boshlaymiz”, - deydi dehqon.
Biroq hozirgi sharoitda qishloq xo’jaligi mahsulotlariga talabning qanday bo’lishi mavhum. Xitoy AQSh bilan imzolangan savdo bitimining birinchi bosqichiga ko’ra Amerikadan ko’proq mahsulot xarid qilishi kerak edi. Xalpin soyani xorijga sotib, daromadini oshirishni ko’zlagan edi. Ammo endi Xitoy bilan koronavirus bo’yicha janjal boshlandi.
“Savdo hajmini endi oshiramiz deb turganda, Xitoyga mahsulotlar eksportini ko’paytiramiz deb turganda hamma narsa yana taqa-taq to’xtadi”, - deydi fermer Xalpin.
“Ishqilib koronavirus savdo bitimiga amal qilmaslikka bir bahona bo’lmasin-da!” - deydi illinoyslik yana bir fermer Skott Gaffner.
Virus tarqalishining qishloq xo’jaligiga ta’siri 10-mart kuni Ilinoysning Springfild shahrida o’tgan eng so’nggi anjumanda muhokama etildi. Shundan so’ng katta yig’inlarni o’tkazish cheklandi.
Xitoy epidemiyadan o’ziga kela boshlarkan, fermer Skot Gaffnerning aytishicha, Pekinning AQSh qishloq xo’jaligi mahsulotlariga talabi osha boshlaydi.
“Afrika cho’chqa isitmasi ham Xitoyda soyaga talabni oshirib yuborgan edi. Agar soyani hozir boshqa joydan olishayotgan bo’lishsa, bizdan olishlarini talab qilishimiz kerak, chunki ular shunday va’da berishgan”, - deydi Gaffner.
AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligi mart oyining ikkinchi haftasidan boshlab Xitoyga soya jo’natilmagani haqida ma’lum qildi.
“Xitoy hozir mahsulotni Braziliya va Argentinadan olyapti”, - deydi qishloq xo’jaligi sohasidagi tahdidlarni o’rganuvchi kompaniya menejeri Jo Kemp.
Konsultant nazarida, eksportning to’xtagani hosil narxiga ta’sir qilmoqda.
“O’tgan ikki oyga qaraganda narxlar ancha tushgan”, - deydi Kemp.
Uning aytishicha, COVID-19 qishloq xo’jaligida iqtisodiy vaziyatga qattiq ta’sir qilmoqda.
“Iqtisodiy inqirozga yuz tutamiz degan xavotirlar bor. Bug’doy bozorida taklif va talab bobidagi mavjud muammolarga ortiqcha muammolarning qo’shilishi ko’plarni tashvishlantirmoqda”, - deydi mutaxassis.
Fermer Xalpinni ayni paytda koronavirus emas, balki Xitoy AQSh importlari hajmini qachon ko’tarishi xavotirga solmoqda.
Dehqonlar yangi mavsumda urug’ ekishni boshlashdan oldin hosilga xaridor bo’lishidan amin bo’lishi kerak. Shundan keyin boshog’riqqa sabab yana bir omil qoladi – ob-havo.
Facebook Forum