Koronavirus pandemiyasi sabab AQSh aviakompaniyalari parvozlar sonini qisqartirishga majbur ekan, ayrimlari narxlarni tushirib, har bir reys uchun samolyotni to’ldirishga urinmoqda.
“Bu aviatsiya sohasi boshiga tushgan eng yomon va eng zararli inqirozdir. Kompaniya parvozlar sonini 90 foizga tushirishga majbur bo’lgan”, - deydi “United” aviakompaniyasi vakili Josh Ernest.
Davlatning yordam dasturi doirasida “United” aviakompaniyasi hukumatdan 5 milliard dollar olishi kutilmoqda. Pulning 3 milliard dollardan ortig’i bevosita grant, qolgani esa kam foizli kredit bo’ladi.
Biroq hukumat ajratgan mablag’ kompaniyaning apreldan oktabr oyigacha bo’lgan maoshlarini qoplay olmaydi.
"Kuzgacha kompaniya kichrayishi kutilmoqda. Qanchalik kichrayishini bilmaymiz hozircha. Bu kamroq reyslar, kichikroq jadval, kamroq ishchilar degani”, - deydi Ernest.
“Frontier” aviakompaniyasi hukumatdan 170 million dollar miqdorida yordam oladi.
“Bu pul xodimlarimizning sentabrgacha bo’lgan maoshini qoplaydi. Hukumatdan yana bir necha million dollarlik kredit olishni mo’ljallayapmiz”, - deydi kompaniya bosh hisobchisi Barri Biffl.
Boshqa mamlakatlardagi aviakompaniyalar hukumatdan yordam olgani yo’q. Masalan, Lotin Amerikasidagi ikkinchi yirik aviakompaniya “Avianka Xoldings” kreditni o’z vaqtida to’lay olmagani uchun kasodga uchradi.
Facebook Forum