Qo’shma Shtatlar koronavirusga qarshi choralar doirasida mamlakat aeroportlarida profilaktik tadbirlarni kuchaytirgan. Nafaqat yo’lovchilar, balki aeroport xodimlari ham o’zlarini mikroblardan himoya qilish uchun turli choralar ko’rmoqda.
Prezident Donald Tramp Yevropadan AQShga barcha reyslarni man qilishni buyurgach, amerikaliklar mahalliy parvozlar ham qisqartirilishi ehtimolidan xavotirga tushgan.
“Mahalliy aviaqatnovlar bo’yicha hozircha bir gap yo’q. Nyu-Yorkdan Mayamiga borib, Yaratganning yordami bilan uyga muammosiz qaytib kelamiz”, - deydi 63 yashar gvatemalalik sayyoh Migel Anxel Arriaga.
Uning qizi Xeylin ikki farzandi bilan yo’lga chiqqan.
“Aeroportga yetishimiz bilan farzandlarimning qo’llarini antibakterial salfetkalar bilan artib qo’ydim. Axir ular har narsani ushlab, qo’llarini og’ziga tekkizadi”, - deydi ona.
Ayrim yo’lovchilar samolyotga kirib ham dezinfeksiya qilish bilan band.
“O’rindiqni artib bo’lgach, maskamni taqaman. Men uchun bu juda muhim, chunki saratonga uchraganman, immunitetim zaif. Bunday odamlarga barcha ehtiyot choralarini ko’rib, o’zlarini himoya qilishni tavsiya qilaman”, - deydi Edvish Adrian ismli yo’lovchi.
Prezident Donald Tramp amerikaliklarni 10 tadan ortiq to’planmaslikka chaqirib, qariyalarga uydan chiqmaslikni, bordi-keldini to’xtatishni tavsiya qildi.
Facebook Forum