Breaking News

AQSh harbiylari COVID-19 ga qarshi tashabbuslarda faol qatnashmoqda


AQSh qurolli kuchlari koronavirusga qarshi kurashga qaratilgan tashabbuslarda faol ishtirok etmoqda – kasalxonalar qurishdan virusni aniqlash uchun test tizimlarini yetkazishgacha.

“Yaqin kunlarda shtatlarga yuzlab, minglab qo’shimcha askarlar safarbar etiladi”, - deydi Milliy Gvardiya byurosi boshlig’i general Jozef Lengyel.

Harbiy-dengiz kuchlariga qarashli “Mercy” tibbiy kemasi mutaxassislar bilan birga Los-Anjelesga yo’l olmoqda. Virusga chalinganlar soni ortishda davom etarkan, shahardagi kasalxonalarda koronavirus bilan yotgan bemorlar kemadagi palatalarga joylashtirib, kasalxonalardagi joylar yangi bemorlar uchun bo’shatiladi. “Comfort” tibbiy kemasi va AQSh armiyasi tibbiy mutaxassislari esa Nyu-Yorkka safarbar etilgan.

“Kasalxonalarga 140 mingga yaqin odam yotqizilishi kutilmoqda, ammo faqat 53 ming yotoq bor, xolos”, - deydi Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo.

Armiya mutaxassislari Nyu-Yorkning qaynoq nuqtalarida joylashgan otellar xonalarini kasalxona palatalariga aylantirmoqda.

Koronavirusdan qattiq zarar ko’rgan Vashington shtatining Sietl shahriga ham armiya shifokorlarining yuborilishi kutilmoqda.

Qo’shma Shtatlar koronavirusga chalinganlar soni bo’yicha Xitoy va Italiyadan ham o’tib ketib, dunyoda birinchi o’ringa chiqib oldi. Epidemiya markazi Nyu-York shahrida.

“Bir necha oylik kurashga tayyor turishimiz kerak, buning uchun zarur choralar ko’rilyapti”, - deydi AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper.

Prezident Donald Tramp mamlakatdagi ayrim cheklovlarni salkam uch haftadan keyin bo’ladigan pasxa bayramigacha bekor qilamiz, degan, biroq mutaxassislar vaziyat iyul oyigacha yaxshi bo’lmasligini bashorat qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG