AQSh koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashar ekan, himoya vositalari va tibbiy anjomlar yetishmayapti. Mamlakatning Federal favqulodda vaziyatlarni nazorat qilish agentligi yoki FEMA butun resurslarini ishga solmoqda.
Prezident Donald Tramp “Mudofaa ehtiyojlari uchun ishlab chiqarishni ishga solish” haqidagi qonun joriy etilganini aytdi.
Ushbu hujjat prezidentga mamlakat sanoatlaridan milliy mudofaa ehtiyojlari uchun resurslar ta’minotini qisqa muddatda kengaytirishni talab qilish vakolatini beradi.
“Virusga qarshi kurashda zarur bo’lgan materiallarni ishlab chiqarish ustuvor vazifa bo’ladi. Masalan, virusdan himoyalovchi maskalar. Hukumat maska ishlab chiqaruvchi kompaniyaga aynan shunday niqoblarni ishlab chiqarishga urg’u berishni buyura oladi”, - deydi tahlilchi Mark Kansian.
Tramp, shuningdek, AQSh Harbiy-dengiz kuchlariga qarashli ikki tibbiy kemani ham safarbar etishni buyurdi. Kemalar kasalxona bilan jihozlangan bo’lib, odatda tabiiy ofatdan zarar ko’rgan mamlakatlarga yordam berishda qo’llanadi.
“Kemadagi kasalxonada mingta palata bor. Ulardan biri “Comfort” kemasi Nyu-Yorkka boradi”, - deydi Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo.
Kema ayni paytda texnik ko’rikdan o’tmoqda va bir necha haftadan so’ng Nyu-Yorkka yo’l oladi. “Mercy” kemasi esa bir necha kundan so’ng g’arbiy sohilga suzadi.
Mudofaa vaziri Mark Esperning aytishicha, qurolli kuchlarning dala shifoxonalari ham hozirlanmoqda. Vazirlik 5 million donagacha “N95” respirator niqoblari va boshqa himoya vositalarini aholiga tarqatadi.
“Bir millionta niqobni darhol beramiz. Sog’liqni saqlash vazirligi ehtiyojlari uchun, shuningdek, 2000 dona tibbiy ventilyatorlar ham berishga tayyormiz”, - dedi Esper.
Oq uy ma’muriyati AQSh armiyasining Muhandislar korpusini yangi tibbiy markazlar tashkil etishga safarbar etishni rejalamoqda, biroq bu ishda xususiy sektor yordami zarur bo’ladi.
“Korpus malakali va hunarmand ofitserlar sonini oshirib, ularni iqtisodiyotning noharbiy sektorida ishlashga jalb qiladi. Biroq bu kadrlarda qurilish resurslarining yo’qligini aytish joiz”, - deydi polkovnik Mark Kansian.
Hukumat aholiga imkon qadar uzoqroq uyda o’tirishni tavsiya qilarkan, poytaxt ko’chalari va metro stansiyalari ancha huvillab qolgan.
Facebook Forum