Breaking News

AQSh: Koronavirus, politsiya islohoti va Trampga qarshi kitob


AQShda ommaviy namoyishlardan bir necha kun o’tgach koronavirusdan kasallanganlar keskin ko’paydi.

Xalqaro hayot - 22-iyun, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:16 0:00

Saylov kampaniyasi doirasida Oklaxoma shtatining Tulsa shahriga borgan Prezident Donald Tramp koronavirusga testlarning keng yo’lga qo’yilgani ko’p kasallarni aniqlab berayotganini aytdi.

Trampning bir necha oylik karantindan so’ng mamlakatni ochish istagi tarafdorlari tomonidan iliq qarshilandi.

“Maktablarni ham ochaylik”, - dedi u.

Mamlakatda koronavirusga uchraganlar soni oshishda davom etarkan, irqiy kamsitish va politsiya zulmiga qarshi namoyishlar to’xtagani yo’q.

AQSh Senatidagi yagona qora tanli respublikachi qonunchi Tim Skott politsiya islohotiga doir 106 sahifalik qonun loyihasi muallifi. U federal hukumat byudjetda huquq-tartibot idoralari uchun pulni oshirishi kerak degan fikrda.

“Politsiyachilarning tayyorgarligi yaxshi bo’lishini istasak, ularni mashg’ulotlardan o’tkazib turish kerak, bunga esa qo’shimcha pul lozim”, - deydi senator.

Qonun loyihasida politsiyachilarning xulqiga doir ma’lumot bazasini yaratish taklif etilmoqda. Politsiya boshqarmalari ishga yollashda ushbu bazadan foydalanishi kerakligi aytilmoqda.

“Politsiyachilarni xalq manfaatlariga, jamoalar manfaatlariga, o’z manfaatlariga xizmat qilishga yo’naltirishda resurslardan to’g’ri foydalanish o’ta muhimdir”, - deydi senator.

Qonunchilar har ikki partiyaga to’g’ri keladigan hujjatni yaratish bilan band ekan, Vashingtondagi siyosatchilar Oq uyda milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchi lavozimida ishlab ketgan Jon Boltonning Tramp ma’muriyatining faoliyati haqida endigina chop etilgan kitobiga chalg’imoqda. “Voqealarga boy xona” deb nomlangan ushbu kitobda Trampning rahbarlik qobiliyatiga salbiy baho beriladi.

“Jon Bolton ushbu kitobda ta’riflaganidek, Trampning voqelikdan uzoqligini, xalq dardiga e’tiborsizligini, to’g’ri qarorlar qabul qila olmasligini uch hafta oldin Jorj Floyd o’limidan keyingi namoyishlarga munosabatida ko’rdik”, - deydi AQShning Britaniyadagi sobiq elchisi Nayjel Shaynvald.

Oq uy maslahatchisi Piter Navarro Boltonning kitobda keltirgan ko’p da’volarini inkor etadi.

“Bolton rahbariyat buyruqlarini bajarmagani uchun ishdan haydalgan. Uning qarashlari Prezident Donald Trampning tashqi siyosat bobidagi qarashlariga hamohang bo’lmagan. Bolton shu tobda kitob chiqarib, barcha an’analarga xilof ish tutdi. Albatta, u endi buning orqasidan ko’p pul ishlab oladi”, - deydi Trampning savdo va ishlab chiqarish siyosatiga mas’ul yordamchisi.

Adliya vazirligi Boltonning kitobida maxfiy ma’lumotlar oshkor etilishi mumkin deya, nashrga to’siq qo’yishga harakat qildi, biroq 20-iyun kuni federal sudya qaroriga ko’ra barcha to’siqlar olib tashlanib, kitob sotuvga qo’yildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG