Breaking News

Konsul Mo'minov: Elchixona pandemiyadan jabr ko'rganlarga yordam berishga tayyor


Arxiv surat. O'zbekistonning AQShdagi konsuli Faxriddin Mo'minov va elchisi Javlon Vahobov
Arxiv surat. O'zbekistonning AQShdagi konsuli Faxriddin Mo'minov va elchisi Javlon Vahobov

Odil Ruzaliev (Amerika Ovozi): Koronavirus dunyo bo’ylab mamlakatlar, xalqlar turmush tarzini, davlat idoralari va bizneslar ish uslubini o’zgartirib yubordi. Karantin sabab ko’p davlat va xususiy muassasalarda ish masofali reyimga o’tgan. “Amerika Ovozi” muxbirlari ham bir necha haftadan beri uydan ishlayapti. Siz bilan bugun masofaviy intervyu qilayotganimiz ham mana shu karantin natijasi.

O’zbekistonning AQShdagi elchixonasi qanday tartibda ishlayapti shu kunlarda?

O'zbekiston elchixonasi pandemiyadan jabr ko'rganlarga yordam berishga tayyor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:15:22 0:00

Faxriddin Mo’minov (O’zbekiston elchixonasi): AQShda koronavirus pandemiyasi bilan bog’liq vaziyatning keskinlashishi natijasida joriy yilning 13-mart kuni mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi. Shu bois, elchixona konsullik bo’limiga tashrif buyuruvchi vatandoshlarimiz va xorijiy fuqarolar o’rtasida COVID-19 kasalligining tarqalishini oldini olish hamda elchixona xodimlarining sog’lig’ini saqlashni ta’minlash maqsadida fuqarolarga masofadan turib konsullik xizmatini ko’rsatish tartibi joriy etildi.

Mazkur tartibga ko’ra, ba’zi-bir konsullik amallari, xususan, vaqtincha va doimiy konsullik hisobiga turish Tashqi ishlar vazirligining consulate.mfa.uz interaktiv xizmatlar veb-portali orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, notarial harakatlar va pasport rasmiylashtirishdan boshqa barcha konsullik xizmatlari masofadan turib, ya’ni arizachilarning hujjatlarni pochta xizmatlari orqali elchixonaga yuborish yo’li bilan bajariladi.

Avtotransport vositalarini sotish va boshqarish bilan bog’liq bo’lmagan barcha notarial hujjatlarini rasmiylashtirish uchun fuqarolarning elchixonaga murojaat qilishlari shart emas.

O’zbekiston va AQSh Apostil to’g’risidagi Gaaga Konvensiyasiga a’zo bo’lganligi sababli apostil muhri qo’yilgan notarial hujjatlar O’zbekiston vakolatli idoralari tomonidan qabul qilinadi. Buning uchun fuqarolar notarial hujjatlarni mahalliy notariusdan tasdiqlatishlari va tegishli shtat kotibiyati ofisida apostil muhrini qo’ydirib, O’zbekistonga yuborishlari lozim.

Avval ma’lum qilganimizdek, aprel oyida elchixona tomonidan xorijga chiqish pasportini berish rejalashtirilgan edi. Biroq aviaqatnovlarning to’tatilishi natijasida O’zbekistondan pasport uskunasini ishga tushiruvchi mutaxassislarni AQShga kelishining imkoni bo’lmadi. Shu bois aviaqatnovlar yo’lga qo’yilgandan so’ng elchixona tomonidan fuqarolarga xorijga chiqish pasportini berish boshlanishini ma’lum qilamiz.

Odil Ruzaliev: Nyu-Yorkdagi ahvoldan xabaringiz bor. U yerda ko’plab o’zbekistonliklar turadi. Biz olayotgan ma’mulotlarga ko’ra, ular orasida koronavirus bilan kasallanganlar ham, undan o’lganlar ham bor. Elchixona mana shunday vatandoshlar taqdiridan xabardormi?

Elchixona tomonidan shu muammo bilan yuzlashayotgan vatandoshlarga amaliy yordam berilyaptimi?

Faxriddin Mo’minov: AQSh, Kanada va Amerika qit’asining boshqa davlatlarida koronavirus pandemiyasi oqibatida qiyin ahvolga tushib qolgan yoki ushbu virusni yuqtirgan fuqarolarimizni har tomonlama qo’llab-quvvatlash va ularga amaliy yordam ko’rsatish maqsadida elchixonamiz huzurida uzluksiz ravishda faoliyat ko’rsatuvchi “tezkor shtab” tashkil etildi.

Koronavirus bilan kasallangan yoki uning oqibatida vafot etgan fuqarolarimiz to’g’risida ma’lumot olish maqsadida AQSh va Kanada vakolatli tashkilotlariga tegishli so’rovnomalar yuborildi va ular tomonidan mazkur masalada yordam ko’rsatilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, bu turdagi ma’lumotlarni tezkor tartibda olish uchun o’zbek vatandoshlari uyushmalari, faol fuqarolarimiz va shifokorlar bilan doimiy aloqa o’rnatildi.

Bugungi kunga qadar Nyu-York shahrida 8 nafar O’zbekiston fuqarosining koronavirus bilan kasallanganligi rasman tasdiqlandi. Ulardan 3 kishi vafot etgan. Bu vatandoshlarimiz haqida ma’lumot olingan kundan boshlab, ularning qarindoshlari bilan doimiy aloqa ushlab turildi. Ularni shifoxonalarga joylashtirishda yordam so’rab, tegishli tibbiyot muassasalariga rasmiy murojaatlar yuborildi. Nyu-York gospitallaridagi ayanchli holatni inobatga olib, kasallangan fuqarolarimizga amaliy yordam ko’rsatishda vatandosh shifokorlar jalb qilindi.

Hozirgi kunda koronavirusning o’chog’i bo’lib qolgan Nyu-York, Nyu-Jersi va boshqa yirik shtatlarda bir-necha o’n minglab fuqarolarimiz istiqomat qilishini inobatga olsak, u erda ushbu virus bilan kasallangan yurtdoshlarimiz ham ko’pchilikni tashkil qiladi. Ularning asosiy qismi o’zlarining kasalligini oshkor etmaslikka harakat qilib, O’zbekistonning AQShdagi diplomatik va konsullik vakolatxonalariga murojaat qilishdan iymalanadi.

Shu bois, koronavirus bilan kasallangan fuqarolarimiz o’zlari to’g’risidagi ma’lumotlarni oshkor qilmagan holda bizga murojaat qilishlari mumkinligini ma’lum qilamiz. Biz ularga qo’limizdan kelgan maslahat va amaliy yordamni ko’rsatishga tayyormiz.

Odil Ruzaliev: AQSh ham, O’zbekiston ham qator davlatlar bilan xalkaro aviaqatnovni to’xtatgan. Shu sabab ko’p odamlar Amerikadan ketolmay qoldi. O’zim shaxsan shundaylarni taniyman. Bu insonlar shu tobda nimaga umid qilishlari mumkin?

Faxriddin Mo’minov: O’zbekistonga koronavirus kirib kelishining oldini olish maqsadida joriy yilning 16-mart kunidan boshlab respublikamizga parvozini amalga oshiruvchi barcha aviaqatnovlar to’xtatildi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining topshirig’iga binoan xorijiy davlatlarda qolib ketgan fuqarolarimizni vatanga qaytarish maqsadida qator charter reyslari amalga oshirildi va bir-necha minglab fuqarolarimiz respublikaga qaytarildi.

Xususan, elchixonamiz va Gavanadagi Rossiya Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda Kubada qolib ketgan 2 nafar fuqarolarimiz Rossiya aviakompaniyasi orqali Istanbulga yuborilib, u yerdan charter reysi bilan O’zbekistonga qaytarildi. AQShda qolib ketgan yana 5 nafar vatandoshlarimizni ham Istanbul va Dubay orqali charter reyslarida vatanga qaytarishda yordam ko’rsatildi.

Afsuski, aprel oyiga kelib butun dunyo bo’ylab COVID-19 bilan bog’liq vaziyat yanada keskinlashdi. Shuningdek, O’zbekistonga charter reyslarida qaytarilgan fuqarolar orasida ham bir necha o’nlab virus bilan kasallanganlar anqlandi va respublikamiz bo’ylab bemorlarning soni tez sur’atlarda oshib borayotganligi kuzatildi. Shu bois, joriy yilning 20-apreliga qadar O’zbekiston chegaralari vaqtincha yopilib, barcha turdagi havo qatnovlari to’xtatildi. Charter reyslari qo’yilishi yoki doimiy aviqatnovlarning qaytadan tiklanishi masalasi O’zbekistonda va dunyo bo’ylab koronavirus atrofidagi vaziyatning qay darajada o’zgarishi bilan bevosita bog’liqdir.

Ushbu munosabat bilan, koronavirus bilan bog’liq holat barqarorlashgunga qadar fuqarolarimizni yashash joylarida qolib, bu kasallikdan saqlanish va karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqiramiz.

Agarda, AQSh hududida noimmigrant viza asosida vaqtincha bo’lib turgan fuqarolarimizning mamlakatda bo’lishga ruxsat muddati yaqin oylarda tugayotgan bo’lsa, ularning biz bilan bog’lanishlari yoki AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatiga murojaat qilishlarini tavsiya etamiz.

Odil Ruzaliev: Joriy yilning 10-aprel kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp o’z fuqarolarini qabul qilishni rad etgan davlatlarga nisbatan “Viza sanksiyalari qo’llash to’g’risi”da memorandumga imzo qo’ygan.

Mazkur normativ hujjatning O’zbekistonga ta’siri haqida ham ma’lumot bersangiz?

Faxriddin Mo’minov: Haqiqatan, mazkur memorandumda koronavirus pandemiyasi sababli o’z fuqarolarini qabul qilishni rad etgan yoki asossiz ravishda kechiktirgan mamlakatlarga nisbatan viza sanksiyalari qo’llanilishi ta’kidlangan. Biroq bugungi kunda bu hujjatni amalda qo’llashning aniq mexanizmi va sanksiyalar ro’yxatiga kiritilgan davlatlar haqida ma’lumot e’lon qilinmagan.

Shuningdek, AQSh vakolatli tashkilotlaridan olingan ma’lumotga ko’ra, ushbu normativ akt AQShda yashayotgan barcha xorijiy fuqarolarga taalluqli emas. Unda immigratsiya qonunchiligini buzganligi sababli sud qarori asosida mamlakatdan majburiy chiqarib yuboriluvchi xorijiy fuqarolar inobatga olingan.

AQShda joriy etilgan amaliyotga muvofiq, sud qarori chiqarilganidan so’ng chet el fuqarosinining deportatsiyasi Amerika tomonining hisobidan huquqbuzarni o’z davlati chegarasigacha olib borish yo’li bilan amalga oshiriladi. Shu bilan birga, deportatsiya to’g’risida oldindan xabarnoma xorijiy fuqaroni qabul qiluvchi davlat tashqi ishlar vazirligiga AQShning ushbu mamlakatdagi diplomatik vakolatxonasi orqali yuboriladi.

Mavjud ma’lumotlarga ko’ra, hozirgi vaqtda AQShga kirish va unda bo’lish qoidalarini buzganlik sababli 60 ga yaqin O’zbekiston fuqarolari chet el fuqarolarini vaqtincha ushlab turish markazlariga joylashtirilgan. Ulardan 12 nafar vatandoshlarimizga nisbatan deportatsiya to’g’risidagi yakuniy sud qarorlari qabul qilingan.

Bugungi kunda bu toifadagi fuqarolarimizni respublikamizga qabul qilish bo’yicha O’zbekiston va AQSh o’rtasida muammolar mavjud emas.

Shuningdek, fuqarolarimizning huquq-manfaatlarini himoya qilish va ularni O’zbekistonga qaytarish masalalarini samarali hal qilish maqsadida O’zbekistonning AQShdagi diplomatik va konsullik vakolatxonalari hamda AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati o’rtasida yaqindan va faol aloqalar o’rnatilgan.

Odil Ruzaliev: Bizga ma’lumki, qator xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlar tomonidan ushbu og’ir damlarda O’zbekiston xalqiga ko’mak berishga qaratilgan turli jamoat fondlari tashkil etilmoqda. AQSh va Kanadada yashovchi vatandoshlar tomonidan uyushtirilgan xayriya aksiyasi haqida ham ma’lumot bersangiz.

Faxriddin Mo’minov: Bugungi kunda mamlakatimizdagi barcha soha vakillari, xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarmiz, xususan O’zbekistonning AQShdagi diplomatik va konsullik muassasalari COVID-19ning tarqalishiga qarshi kurashda xalqimizga yordam qo’lini cho’zmoqda.

O’z navbatida, joriy yilning 10-aprel kuni AQSh va Kanadadagi O’zbekistonlik vatandosh uyushmalari tashabbusi bilan va O’zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonalari shafe’ligida “Biz O’zbekistonga befarq emasmiz” xayriya jamg’armasi tashkil etildi.

Mazkur jamg’arma “Give to Get International” notijoriy tashkiloti ko’magida “GoFundMe” platformasi asosida yaratildi.

Unga tushayotgan mablag’ning shaffofligi to’liq ta’minlangan va aksiya ishtirokchilari pul o’tkazmalari jarayonini nazorat qilish imkoniyatiga ega.

Ushbu xayriya jamg’armasiga tushgan mablag’ “O’zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga o’tkazilib, Sog’liqni saqlash vazirligi tavsiyasi va ko’rsatmalari asosida quyidagi yo’nalishlarga sarflanadi:

- koronavirusni yuqtirgan bemorlarga tibbiy yordam ko’rsatish;

- tibbiy gigienik himoya vositalari, asbob-uskunalari va maxsus transport vositalarini sotib olish;

- tibbiyot muassasalarini qurish, ularni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash;

- aholining ijtimoiy muhtoj qatlamiga zaruriy yordam ko’rsatish.

Kezi kelganda shuni ta’kidlamoqchi edimki, Kanada va AQShda yashovchi ko’plab sahovatpesha yurtdoshlarimiz va AQSh fuqarolari xayriya aksiyamizda faol qatnashib, o’zlarining salmoqli hissasini qo’shmoqdalar.

Norasmiy hisoblarimizga ko’ra, bugungi kunda AQSh hududida 130 ming va Kanadada 6 mingdan ziyod fuqarolarimiz va o’zbekistonlik vatandoshlarimiz istiqomat qilishadi.

Ishonchimiz komilki, ularning aksariyat qismi yurtimizda koronavirus oqibatlariga qarshi olib borilayotgan xayrli ishlardan chetda qolmasdan, o’z imkoniyatlaridan kelib chiqib, xalqimizga yordam qo’lini cho’zadi.

Suhbatimiz so’nggida, O’zbekistonni o’ziga yaqin deb bilgan, xalqimiz salomatligi va yurtimiz kelajagiga befarq bo’lmagan barcha vatandoshlarimizga murojaat qilib, ularni “Biz O’zbekistonga befarq emasmiz” xayriya aksiyasida faol qatnashishga chaqirib qolaman.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG