Breaking News

Koronavirus osiyoliklarni yovvoyi hayvonlar go’shtini iste’mol qilishdan qaytarmayapti


Osiyoning ayrim mamlakatlarida ko'rshapalaklar go'shti tansiq taom hisoblanadi
Osiyoning ayrim mamlakatlarida ko'rshapalaklar go'shti tansiq taom hisoblanadi

Ilonlar, ko’rshapalaklar, yovvoyi hayvonlarning boshqa turlari Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida tansiq taomlar hamda katta miqdorda protein manbasi hisoblanadi.

Xalqaro hayot – 17-mart, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:27 0:00

“Bayramlarda ilon yoki ko’rshapalak go’shti dasturxonga tortilsa, mehmonlar birinchi bo’lib shu taomlarga qo’l uzatadi”, - deydi Freddi ismli indoneziyalik.

Biroq endi yovvoyi hayvonlarni savdoga chiqarish va ularning go’shtini iste’mol qilish xavfli, chunki Xitoyning Uxan shahrida yangi koronavirusning aynan yovvoyi hayvondan insonga o’tib tarqalgani ma’lum.

Xitoy hukumati mamlakat bo’ylab yovvoyi hayvonlar bozorlarini yopib, ularni iste’mol uchun ovlashni, sotish va sotib olishni man qildi.

“Xitoy hukumati virus bo’sh nazorat sabab tarqalganini anglab yetgan”, - deydi Jahon yovvoyi tabiat jamg’armasidan Krouford Allan.

Tashkilot Vashington shahrida joylashgan.

“Hukumat bundan keyin katta jarimalar joriy etib, oziq-ovqat bozorlarini qattiq nazorat qilishini ko’ramiz”, - deydi u.

Allan koronavirus kabi kasalliklarning tarqalishiga to’siq qo’yish uchun nafaqat Xitoyda, balki butun dunyo bo’ylab noqonuniy va nazoratsiz yovvoyi hayvonlar bozorlarini yopish kerak, deydi.

“Bunday bozorlar Indoneziya, Vyetnam, Laos, Myanmada bor. Uxanga o’xshab bu joylarda ham epidemiya avj olishi mumkin”, - deydi Allan.

Biroq bu mamlakatlar yovvoyi hayvonlar savdosini man qilishga shoshilmayapti. Odamlar ham bunday taomlardan hali-beri voz kechgisi yo’q, garchi Indoneziyada savdo 50 foizgacha tushgan bo’lsa-da.

“Odamlar ko’rshapalak va ilon go’shtini yeyishdan qo’rqmaydi, chunki bu yillar davomida bizning an’anaviy taomlarimiz bo’lgan”, - deydi Freddi.

“Biz savdoni to’xtatmaymiz. Koronavirusdan qo’rqmaymiz, chunki go’shtni tozalab pishirishning maxsus usulini qo’llaymiz”, - deydi sotuvchi Feri Parengkuan.

Krouford Allanning aytishicha, yovvoyi hayvonlar bozorlarini nazoratga olib, noqonuniy bozorlarni yopish faunani asrashga ham yordam beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG