AQShning Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi shanba kuni Qirg'izistondan amerikalik jurnalist Umar Faruqning deportatsiya qilinganini qoralamoqda.
Guruh ma'lumotiga ko'ra, Faruq o'tgan chorshanba O'shda militsiya tomonidan bir necha soat so'roq qilinib, so'ng Milliy xavfsizlik qo'mitasiga topshirilgan. Muxbir ekstremistik hujjatlarga egalik qilish gumoni bilan to'xtatilgan.
Xabarlarga ko'ra, Umar Faruq 2010-yilda Qirg'izistonda bo'lib, janubdagi etnik zo'ravonliklar haqida maqolalar yozgan. U "Los Angeles Times", IRIN axborot agentligi, "Daily Beast" kabi axborot vositalariga maqolalar tayyorlaydi.
Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasiga ko'ra, 2010-yil voqealaridan so'ng Qirg'izistonda jurnalistlar ishi qiyinlashgan.
Qonunbuzarliklar haqida ma'lumot tarqatgan bozor-qo'rg'onlik o'zbek faoli Azimjon Asqarov huquq-tartibot organlari xodimlariga hujumda ayblanib, bir umrga qamalgan.
"Umar Faruqning mamlakatdan haydalishi Qirg'iziston hukumatining mustaqil jurnalistlarga bo'lgan toqatsizligidan dalolat", deyiladi tashkilot bayonotida.