Breaking News

Rojdestvo uchun eng zo'r yasatilgan uylardan biri Virjiniyada


Virjiniyadagi bayramona xonadon
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00

Virjiniyadagi bayramona yasatilgan uy

Uylar, ko’chalar yorqin chiroqlar, rang-barang dekoratsiyalar bilan bezatilmasa, Rojdestvo bayrami bayramday emas. Poytaxtga yaqin Virjiniya shtatidagi bezatilgan mahallalarda ko’tarinki ruhiyat.

Havo sovuq bo’sa-da, astoydil yasatilgan archalar sayyohlarning qalbiga iliqlik bag’ishlamoqda.

“Juda chiroyli. Odamning ko’nglini ochadigan, kuldiradigan manzara”, - deydi tomoshabinlardan biri.

Bu uyga 380 ming dona chiroqlar o’rnatilgan. Poytaxt atrofidagi eng zo’r yasatilgan xonadon. Chiroqlar orqali tasvirlangan qahramonlar, unga mos musiqa, hammasi sahnalashtirilgan. Uyni maxsus dizayner Bil Vogan bezagan va dekoratsiya komputerlashtirilgan.

“Hovlim san'at asaridek. Chiroqlar juda tiniq va toza. Men istagandek”, - deydi dizayner.

“Judayam chiroyli, dekoratsiyani yaratishga ancha vaqt ketgan bo’lsa kerak, uning ustiga sinxronlashtirilgan, ajoyib”, - deydi tomoshaga kelganlar.

Vogan 20 yildirki yangi yil bezaklari bilan shug’ullanadi. Dekoratsiyalarni asosan o’z qo’llari bilan yaratadi.

Uyni tomosha qilishga kelganlar uchun qulayliklar ko’p. Hovlidagi musiqa radio to’lqinlariga ulangan. Sovuqda mashinadan tushmasdan sayr qilish mumkin.

“Bolaligimda ota-onam bilan kelardik. Bu yerdan ko’chib ketgan bo’lsak-da, haligacha kelamiz. An’ana bo’lib qolgan”, - deydi Nataliya.

Bayram chiroqlari orqali odamlar ko’ngliga quvonch ulashish Voganga ilhom bag’ishlaydi.

“Onam yolg’iz o’zi meni mashaqqat bilan katta qilgan. Yolg’iz boshiga tushgan qiyinchiliklarga qaramay, chaqaloqligimdan meni shu yerga olib kelardi. Shu uyni yasatganimni ko’rgan onam quvonchdan yig’lab yubordi. Shu kunlarga yetganidan Yaratganga shukrlar aytdi”, - deydi dizayner Bil Vogan.

Bu “Santaning uyi”. Bayram kunlari olti mingga yaqin bolalar Santaga orzu-istaklarini aytgani, XX asr o’rtalariga oid poyezdga mingani keladi.

Jorj Barbiyeri oilasi bilan vintaj uslubidagi dekoratsiya bilan 30 yildan beri hovlisini bezaydi.

“Bolalarning kulgisini, ular Santani uchratgandagi xursandchiligini ko’rib, bezaganim sayin bezagim kelaveradi”, - deydi Jorj Barbiyeri.

AQSh armiyasida, Amerikadan tashqarida xizmat qilayotganlarning farzandlari uchun Barbiyeri qalb qo’ridan alohida joy bergan.

“Rojdestvo oila jamu-jam bo’ladigan payt. Vatan uchun uyidan uzoqda, xorijda kurashayotganlarning oilasi uchun yuragim eziladi”, - deydi u.

Barbiyeri Amerikada uzoq yillardan buyon yashayotgan falastinlik nasroniy.
Rojdestvo unga sovg’a ulashishdan-da chuqurroq ma’noni anglatadi.

“Isoning dunyoga kelishi, Baytlahim, Quddus shaharlari…men o'sha tomonlardan kelganman. Jamiyat, qo’shnilarim uchun yaxshi ishlar qilayotganimdan o’zim ham quvonaman”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG