Rossiya tarkibiga qo’shib olingan Qrim yarimorolidagi Qrim-tatarlar Milliy Majlisi ruslar tomonidan tintuv qilinganidan so’ng sud qaroriga ko’ra, uning binosi yopib qo’yilgan. Taqiqlangan adabiyotlar qidirish bahonasida o’tayotgan tekshiruv qrim-tatarlar yashaydigan uylarga ham ko’cha boshlagan.
Qrim hukumati Milliy Majlis binosini yopish haqida qaror chiqargan, vakillarga binoni tark etish uchun bir kun muhlat berilgan. Orgtexnika va buyumlar musodara qilingan. Tintuv 17-sentabr kuni Majlis faollarining uylarida va maschitlarda davom etgan. Organlar taqiqlangan adabiyot qidirayotganini aytadi.
Milliy Majlis raisi Refat Chubarov deydiki, tazyiqlar uning xalqiga nisbatan rejalangan terror siyosatining navbatdagi ko’rinishidir.
“Ular birdaniga bir necha tomondan hujumni boshlashdi. Hozir Majlis faollarning uylarida, masjidlar, madrasalarda ham tintuvlar o’tkazilmoqda. Bugun esa “Qrim” jamg’armasiga tegishli binoni musodara qilish qarori bilan kelishgan. Bu binoda Milliy Majlis ham, boshqa nodavlat tashkilotlar ham faoliyat yuritishayotgan edi. Bularning hammasi qrim-tatarlarini qo’rquv ostida ushlash, vahima uyg’otish maqsadida qilinmoqda. Hozir Majlis va jamg’armaga tegishli mulklarni tortib olinmoqda, faollarga binoni ixtiyoriy bo’shatish uchun muhlat belgilashgan, aks holda kuch bilan chiqarib yuborishdan ogohlantirishgan ”, - deydi Refat Chubarov.
Milliy Majlis Qrimning Rossiya tomondan aneksiya qilinishini keskin qoralab chiqqan. Qrim-tatarlar yarimorolni Rossiyaga kirishi yuzasidan o’tgan referendumni boykot qilishgan. Shundan so’ng Milliy Majlisga, qrim-tatarlarga nisbatan bosim kuchaydi. Liderlar Mustafo Jemilov va Refat Cubarovning besh yil muddatga Qrimga kirishi taqiqlandi.
15-sentabr kuni Qrim parlamenti uchun o’tgan saylovlarni qrim-tatarlarning aksariyati boykot qilgan.
“Saylov oldidan Qrim hukumati fuqarolarning 80 foizga yaqini ishtirok bo’lishi, bu esa Qrim Rossiya tarkibiga qo’shilganini qo’llashdan dalolat ekani bashorat qilingan edi. Ammo amalda teskarisi kuzatildi. Nafaqat qrim tatarlari, boshqa millatlar ham bu saylovga mutlaqo qiziqish bildirishmadi. Saylovdagi ishtirokni 53 foizda ko’proq deb berishdi, bu raqamlar ham soxtalashtirilganiga shubha qilmayman. Endi bu qo’g’irchoq hukumat Kreml ularning o’ziga ham bosim qilishidan qo’rqib qolgan”, - deydi Chubarov.
Sovet davrida qatag’on qilingan qrim-tatarlar 1990-yillarga borib, o’z vatanlariga qaytish imkoniga ega bo’lishgan edi. Ammo Qrimning yana Rossiya nazoratiga o’tishi, deydi ular, xalq boshiga yangi tahdidlar olib keldi.