Breaking News

Rossiya: Qrim-tatarlarning Milliy Majlisi - ekstremist tashkilot


Milliy Majlis Qrim-tatarlarni birlashtiruvchi organ hisoblanadi
Milliy Majlis Qrim-tatarlarni birlashtiruvchi organ hisoblanadi

Rossiya Adliya vazirligi Qrim-tatarlar Milliy Majlisini faoliyati taqiqlangan ekstremistik tashkilotlar ro’yxatiga kiritgan. Hukmron tuzumga qarshi harakatga chorlash, bugungi hukumatni qoralash Moskva nazarida qabih jinoyatdir.

Majlis raisi Refat Chubarov butun bir xalqni ekstremistga chiqarish mumkin emas, deydi. Uning nazarida Moskva tatarlarni o’z vatanidan butunlay siqib chiqarmoqchi. Bu qaror ishg’olni tan olmayotgan minglab qrim-tatarlarni repressiya ostiga qo’yadi. Yevropa Ittifoqi va Turkiya Milliy Majlis taqiqlanishi yuzasidan jiddiy norozilik izhor qilgan.

Chubarov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda shunday deydi:

“Kreml rahbaryati qaroridan, mantiq huquqiy asoslar qidirish foydasiz, chunki bular hammasi Ukraina hududi Rossiya tomonidan bosqin qilingan bir sharoitda kuzatilmoqda. Rossiya Federatsiyasining barcha qarorlari uning ishg’ol qilingan hududdagi maqsadlarini ifodalaydi. Rossiya Qrimni birinchi navbatda NATOga qarshi qaratilgan harbiy istehkomga aylantirmoqchi. Rossiya buning uchun Qrim ishg’oliga qarshi turgan aholini, aynan qrim-tatarlar o’z vatanlarini tashlab chiqib ketishlari uchun hamma ishni qilishga hozir. Bosqinchi hukumatning navbatdagi jinoyatkorona qarori shu maqsadlardan kelib chiqadi”.

Ayni paytda Qrim Oliy sudida Milliy Majlis yuzasidan mahkama ishi davom etmoqda. Sud hukmi 25-aprel kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.

Milliy Majlis yetakchilari, aksariyat qrim-tatarlar ham sud Moskva buyurtmasini to’la tasdiqlashi, Majlisni ekstremistik tashkilot sifatida topishiga shubha qilishmaydi.

Rossiya Tergov qo’mitasi raisi Aleksandr Bastirkin Qrimdagi referendum natijalarini tan olmaganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etishni taklif qilishi ortidan, muxtor respublikadagi mahalliy hukumat rahbari Sergey Aksenov referendumni tan olmaslik ekstremizmdir deb chiqqan.

Qrimdagi tatarlarning 90 foizga yaqini milliy boshqaruv organi Majlisni quvvatlab keladi. Chubarov deydiki, Qrimdan man etilgan u kabi liderlar qo’l qovushtirib o’tirmaydi.

“Biz albatta hozir bu qaror yuzasidan o’z munosabatimizni tayyorlayapmiz, javob choralarni ko’rayapmiz. Ammo shuni aniq aytmoqchiman, hali hech qachon, hech kim biror qaror yoki ajrim bilan butun bir xalqning harakatini to’xtatishni uddasidan chiqmagan. Hali hech qachon biror ramz va belgilarni taqiqlash bilan butun bir xalqning ovozini mutlaq o’chirishga muvaffaq bo’lmagan. Biz bunday qatog’onni yaqin tarixda, sovet davrida boshdan kechirdik. U paytda hali Milliy Majlis emas, Milliy harakatimiz bor edi. Hatto Milliy harakat a’zolari yoppasiga ekstremist sifatida e’lon qilingan o’sha paytlarda ham xalq o’z ozodligi uchun kurashni to’xtatmagan”, - deydi Chubarov.

Milliy Majlisni taqiqlash qarori xalqaro miqyosda ham norozilik uyg’otgan. G’arb tatarlarni himoya qilishini bildirib keladi.

Ukraina parlamenti 19-aprel kuni o’tgan majlisida bu borada xalqaro hamjamiyatga murojaat bilan chiqdi. Chubarov G’arb davlatlariga qaratilgan chiqishida Rossiya agressiyasi tobora keskinlashib borayotgani, uning navbatdagi qurboni kim bo’lishi mumkinligi xalqaro hamjamiyatni jiddiy o’ylantirishi lozim deya gapirdi.

Parlament Tashi ishlar vazirligiga zudlik bilan BMT Xavfsizlik Kengashi majlisini chaqirtirishga harakat qilishni buyurdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG