Breaking News

Qrimda sanoat Rossiya yordamidan umidvor


Qrim vino sanoati
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:02:46 0:00
Qrimda Rossiyaga qo’shilish uchun ovoz berganlar orasida iqtisodiy manfaatni ko’zlaganlar ko’p. Hozirda Ukraina iqtisodiyoti nochor ahvolda. Rossiya esa energiya zahiralari savdosidan o’zini ancha tiklab olgan. Ko’plab qrimliklar Rossiyaga qo’shilish iqtisodiyot uchun foydali bo’lishiga umid qilmoqda.
Qrim yarim oroli Qora dengiz bo’yidagi go’zal plyajlari va port shaharlari bilan mashhur. Mintaqa iqtisodiyotida oziq-ovqat ishlab chiqarish muhim o’rin tutadi. Ayniqsa, bir necha asrlik vino sanoati alohida ahamiyatga ega.

Qrimning “Noviy svet” vinochilik majmuasi referendumdan so’ng Rossiya ixtiyoriga o’tdi. Majmua direktori o’rinbosari Lina Domatiyevskayaning aytishicha, o’zgarish sanoat uchun ijobiy oqibatlarga olib keladi.

“Zavodimizga endi e’tibor oshadi, deb o’ylayman. Avval Ukrainaga qarashli edi, lekin davlat moliyaviy tomondan yordam bermagan. Endi yangi Qrim Respublikasi yaxshiroq e’tibor qaratadi, deb umid qilyapmiz. Zavodimiz 136 yoshda, uzoq tarixga ega”, - deydi u.

Domatiyevskayaning aytishicha, “Noviy svet” Ukrainadagi bozorning bir qismini boy berishi mumkin. Shu bilan birga, u endi Rossiyadagi vinochilar bilan raqobat qilishi kerak. Zavod rasmiysi bu ishda Moskvaning yordam ko’rsatishiga umid qilmoqda.

“O’tgan yili mahsulotlarimizning 35 foiziga Rossiya xaridor bo’lgan, qolgani Ukraina bozorida sotilgan”, - deydi Domatiyevskaya.

Ishlab chiqarish uchun mas’ul mutaxassis Lyudmila Zadorojnayaning aytishicha, Qrim vinosining sifati uning muvaffaqiyati kafolatidir. Agar bu yerdagi ayrim uzumzorlarga egalik huquqini qo’lga kiritsak, rivojlanish imkoniyatimiz yanada oshadi, deydi u.

“Zavod o’zini o’nglab oladi. Dovrug’i bor, hamma narsa bor, yetishmayotgan yagona narsa shuki, biz doim o’z uzumzorlarimizga ega bo’lishni xohlaganmiz. Davlatga qarashli zavod bo’lgani uchun, boshqalar tayyorlagan mahsulotlar bilan ishlaymiz. Hali erishilmagan bu orzuimiz tez orada ushalib, o’z bog’larimizga ega bo’lamiz, degan umiddamiz. Shundan so’ng mumtoz fransuz uslubida ajoyib vinolar yaratishda davom etamiz”, - deydi Lyudmila Zadorojnaya.

Domatiyevskaya “Noviy svet” vinosining muvaffaqiyat qozonishiga ishonadi.

“Shishalar avliyo Georgiy surati bilan bezalgan. Bu g’alaba ramzi. U bugungi kunni aks ettiradi, bu yerdagi har bir odamning kayfiyatini ifodalaydi”, - deydi u.

“Noviy svet” rus tilida yangi dunyo degani. Bu zavod chor Rossiyasi davrida fransuz shampan vinolariga raqobat qila oladigan oliy sifatli ichimlik tayyorlash maqsadida tashkil etilgan.

Sovet Ittifoqining asosiy vino ta’minotchisi Ukraina bo’lgan. Ammo ichkilikka qarshi davlat siyosati oqibatida ko’plab uzumzorlar payxon qilinib, vino sanoatiga zarar yetgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG