Breaking News

O’zbekiston yana Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotini tark etdi


O’zbekiston Kollektiv xavfiszlik shartnomasi tashkilotidan chiqdi. Rossiya ustuvor, jami yetti mamlakatdan iborat xavfsizlik guruhida ichki kelishmovchilik nishonasi bu, deydi tahlilchilar.

Tashkilot matbuot kotibi Vladimir Zaynetdinov rasmiy Toshkentdan shu mazmunda xat olganini bugun ma’lum qilgan.

Sabablari borasida izoh berilmagan. O’zbekiston hukumati ham sukutda.

Tashkilotda endi olti a'zo qoldi - Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston.

Rossiya guruhni NATOga muqobil kuch sifatida ta’riflab keladi, lekin uning faoliyatini yaqindan kuzatgan mutaxassislar nazarida blok bo’sh va tarqoq.

A’zolar tezkor qo’shin tuzgan, biroq uning soni kam, missiyasi aniq emas. O’zbekiston bu qo’shinga hissa qo’shishdan bosh tortgan.

Rasmiy Toshkent 1999-yilda ham tashkilotdan chiqib, 2006-yilda yana qayta qo'shilgan edi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti 1992-yilda Toshkentda tuzilgan, hukumatlararo harbiy alyans. Qarorgohi Moskvada joylashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG