Breaking News

AQSh hukumati kompyuter tizimlariga xurujlar ko'paygan


Sentabr oyida AQSh hukumatiga qarashli ikki agentlik - Milliy okeanografiya va atmosfera boshqarmasi hamda AQSh Pochta xizmati veb-sahifalari xorijdagi xakerlar hujumiga uchradi. Voqea haqida oktabr oxirida ma'lum qilindi. Kiber-xuruj qaysi mamlakatdan amalga oshirilgani sir saqlanmoqda, biroq mustaqil kuzatuvchilar ko'pincha Xitoy hukumatidan gumonsiraydi. Xurujlar 2009-yildan 2013-yilga qadar 13 foizga ko'paygan.

Xakerlar AQSh hukumati idoralarining veb-sahifalariga hujum qilib, turli mazmundagi ma'lumotlarni olishga harakat qilmoqda. Oq uy va Davlat departamenti ham o'z sahifalariga chetdan kirishga harakat bo'lgani va xurujlar tez bartaraf etilgani haqida ma'lum qildi.

Hukumat kompyuter tizimlarini himoyalash uchun nima qilayotganini, kim kiber-xurujlar ortida turganini bilish oson emas, deydi informatsion xavfsizlik bo'yicha mutaxassis Din Genri. Filadelfiyalik kiber-xavfsizlik bo'yicha konsultantning aytishicha, xodimlar oddiy xavfsizlik choralarini unutganda tizim zaiflashadi.

“Nafaqat federal hukumat xizmatchilari, balki umuman odamlar virusli sahifalarga yetaklovchi linklarni bosganda yoki shunday sahifalarga kirganda xakerlarga eshiklarni o'z qo'li bilan ochib beradi", - deydi ekspert.

Genrining aytishicha, aksariyat xurujlar manbai va usuli bir, shu sababdan ular haqida ma'lumot tarqatish foydadan xoli bo'lmaydi. Biroq bu to'g'ridagi ma'lumotni ulashishni tartibga soluvchi hujjat Kongressda sekinlik bilan ko'rilmoqda.

"Kiber-xavfsizlikka doir ma'lumotlarni ulashish va himoyalash" to'g'risidagi qonun loyihasi 2013-yilda ishlangan bo'lib, Vakillar palatasida tasdiqlangan, biroq Senatda hali ovozga qo'yilgani yo'q.

Din Genrining aytishicha, AQShda kiber-xavfsizlik bo'yicha mutaxassislarning yetishmasligi ham katta bir muammo.

“Buning negizi o'rta va oliy ta'limda. Fan, texnologiya, muhandislik, matematikadan yetarli darajada saboq berilmaydi yoki o'quvchi va talabalarni shu sohalarga qiziqtirishmaydi”, - deydi Genri.

Ekspertga ko'ra, kiber-xurujlarga qarshi kurash hech qachon tugamaydi va hamma bu tahdidlardan ogoh bo'lishi zarur.

“Nafaqat federal hukumat yoki kompaniyalar, balki oddiy internet foydalanuvchilari ham boshlang'ich xavfsizlik choralariga e'tibor qaratishi lozim, ya'ni parollarni almashtirib turish, murakkab parollar o'ylash, bir parolni bir necha saytda ishlatmaslik juda muhim. Oddiy xavfsizlik choralari haqida bilish kerak va boshqalarni ham bunga o'rgatish lozim", - deydi mutaxassis.

Ishga aloqador axborotni uyali telefon orqali almashish tobora ommaviylashar ekan, xakerlar bundan ham foydalanishi mumkin, deya ogohlantiradi Din Genri. Uning nazarida uzun va murakkab parol tanlab, uni tez-tez yangilash eng yaxshi himoyadir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG